Mamlakatimiz sporti sohasida yangi bosqich

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 15-fevraldagi «Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda mamlakatimizda sportni rivojlantirishga oid qator qarorlari ushbu sohada yangi davrni boshlab berdi.

Sportni rivojlantirish, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish mustaqillikning ilk kunlaridanoq davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. O‘tgan yillar davomida bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, ulkan natijalarga erishildi.

So‘nggi besh yilda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, shuningdek, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 1 trillion 230 milliard so‘m byudjetdan ajratilgan hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mablag‘lari sarflangan.

Bugungi kunda bolalarni sport bilan shug‘ullanishga ommaviy jalb etishni yanada kengaytirish maqsadida 1700 ta bolalar sporti obyektida 114,8 mingga yaqin sport seksiyalari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, bu 2004-yilgi ko‘rsatkichlardan 25 foiz ko‘p deganidir. Respublikadagi barcha umuta’lim maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, akdemik litsey va kasb-hunar kollejlarining sport zallarida hamda sport klublarida tashkil etilgan sport seksiyalari va guruhlariga 2,6 milliondan ziyod aholi jalb etilgan. Ulardan 2,1 milliondan ziyodini umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilari – yoshlarni tashkil etadi.

Respublika bo‘yicha sport inshootlarida bugungi kunda 10 ming 75 nafar o‘qituvchi-murabbiylar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ulardan 4 ming 667 nafari oliy ma’lumotli (43,4 foiz, 5 ming 599 nafari o‘rta-maxsus ma’lumotli (56,6 foiz) tashkil etmoqda.

Bugun mamlakatimiz tom ma’noda sport mamlakatiga aylandi. Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi keng qaror topib, sportning ommaviyligi ta’minlanmoqda. O‘zbekiston sportchilari jahonning nufuzli musobaqalarida yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz sport salohiyatini butun dunyoga namoyon qilmoqda. Birgina 2016-yili Braziliyada o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz erishgan natijalari jahon sport jamoatchiligiga mamlakatimizni sporti jadal rivojlanayotgan davlat sifatida tanitdi. Bu bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Lekin erishilgan natijalar, qo‘lga kiritilgan yutuqlarni e’tirof etgan holda jismoniy tarbiya va sport sohasini tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, hududlarda yoshlarni sportga keng jalb etish, ularga yetarlicha sharoitlar yaratish, sohada malakali kadrlar tayyorlash, sport tadbirlarini tashkil etish borasida jiddiy kamchilik va muammolar mavjud ekanini ham aytish zarur.

Masalan, bugungi kunda Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi 9 698 ta umumta’lim maktabining 67,6 foizida sport zallari mavjud bo‘lsa, 32,4 foizida sport zallari yo‘q. Maktablarda jami 25 ming 603 nafar jismoniy tarbiya fani bo‘yicha o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi. Ularning 17 ming 735 nafari (69,2 foiz) oliy ma’lumotli, 7 ming 868 nafari (30,8 foiz) o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Jismoniy tarbiya fani bo‘yicha o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar soni Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Xorazm viloyatlarida ko‘pchilikni tashkil etadi. Jismoniy tarbiya fani bo‘yicha o‘qituvchilar uchun o‘qituvchi metodik qo‘llanmasi 2003-yilda yaratilgan bo‘lib, hozirga qadar mazkur qo‘llanma chop etilmaydi.

Respublika hududida 225 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi mavjud bo‘lib, bulardan 53 tasi sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabidir. Mazkur maktablarda jami 318 693 nafar, shundan 97 ming nafari qiz bolalar sport turlari bilan muntazam shug‘ullanadi, bu umumiy maktab o‘quvchilarining faqatgina 7,1 foizi deganidir.

Shuningdek, mahoratli sportchilar kasb-hunar kollejlari, ayniqsa, olimpiya zaxiralari kollejlarini bitirgandan so‘ng, bitiruvchi-sportchilarni ishga joylashishi yoki oilani moddiy tomondan ta’minlash muammosiga duch kelishi bois, endigina yuqori natijalar ko‘rsatadigan vaqtda katta sportni tashlab ketishi yoki chet davlatlariga ketib qolish holatlari eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Avvalgi yillarda topshirilgan sport inshootlarini talab darajasida saqlash, ulardan samarali foydalanish borasida nuqsonlar mavjud.

Davlatimiz rahbarining shu yil 15-fevraldagi «Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni sohada yuzaga kelgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Ushbu farmonga binoan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasidagi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro apparati, 225 ta Bolalar va o‘smirlar sport maktablari, 37 ta sport yo‘nalishidagi maktab-internatlari, Bolalar va o‘smirlar sport maktablari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi qo‘mita tasarrufiga berildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonda bolalar sportini rivojlantirish orqali Olimpiya harakatini kuchaytirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanuvchilar safini yanada kengaytirish, bolalarning jismoniy tayyorgarligi va sog‘lig‘ini yaxshilash, o‘zbek sportchilarining Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, turli nufuzli xalqaro musobaqalardagi samarali ishtirokini ta’minlashdan iborat.

Shu bilan birga, qo‘mitaning asosiy vazifa va yo‘nalishlari – bolalarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish, ayniqsa, bu ishlarni qishloq joylarda takomillashtirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga ko‘nikma hosil qilish, bu boradagi tajribasi va bilim darajasini oshirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismoniy tarbiya va ta’lim jarayonining sifatini tubdan yaxshilash, yuqori malakali sportchilarni samarali tayyorlashning yaxlit tizimini yaratish, trener-o‘qituvchilarni, ayniqsa, ayol trener-o‘qituvchilarni tayyorlash tizimini yanada mustahkamlash, zamonaviy ixtisoslashtirilgan sport inshootlarini qurish, mashg‘ulotlarni va musobaqalarni o‘tkazish uchun zamonaviy sport uskuna va jihozlar bilan ta’minlash kabi muhim vazifalar belgilab qo‘yildi.

O‘z navbatida, qo‘mitamiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri sport sohasidagi qonunlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni zamon talabidan kelib chiqqan holda ishlab chiqish, takomillashtirish va tatbiq etish ekanini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Qisqa vaqt mobaynida O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid, «Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida», “O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarorlar ishlab chiqildi va prezidentimiz tomonidan imzolandi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, sport klublarini tashkil etish, sport sohasidagi faoliyatni baholash tizimini yaratish, Sport turlari va sport turining tarmoqlarini e’tirof etish, ularni sport turlari reestriga kiritish hamda ushbu reestrni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni, Sport hakamlari va sport hakamlarining malaka toifalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni, O‘zbekiston Respublikasi yagona sport tasnifi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash yuzasidan tegishli hujjatlar tayyorlash va amaldagi hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ustida ish olib borilmoqda.

Sanab o‘tilgan hujjatlar mamlakatimizda sport sohasini taraqqiy toptirishning o‘ziga xos poydevori bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda ushbu qarorga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturi”ning qabul qilingani bu boradagi yechimini kutayotgan masalalarni ijobiy hal qilishga xizmat qiladi. 2017-2021-yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish uchun 995,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi, sport maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida jami 167 ta sport inshooti, jumladan 90 ta sport majmuasi va 77 ta suzish havzasini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda jihozlash va qayta jihozlash nazarda tutilgan. Ushbu ishlar uchun 706,2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport tashkilotlari bilan birga iqtidorli sportchilarni saralash va terma jamoalarni shakllantirish, sportchilarning mahaliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, ularning nufuzli musobaqalardagi munosib ishtirokini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda mamlakatimiz sport delegatsiyasi kunchiqar yurtda bo‘lib navbatdagi olimpiadaga tayyorgarlik qanday borayotgani bilan tanishish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida ko‘plab uchrashuvlarda ishtirok etib qaytdi.

10-avgust kuni imzolangan “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarorda sportimiz yulduzlari va ularni kamolga yetkazgan trenerlarining mashaqqatli mehnatlarini munosib taqdirlash, ularning tajribasi va salohiyatidan samarali foydalanish, oliy va maxsus ma’lumot olishlari hamda salomatliklarini tiklashlari xususida g‘amxo‘rlik qilingani e’tiborga loyiq. Mazkur qaror O‘zbekistonda sportchi va murabbiylarni moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish, ularning nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etadigan sportchilar zaxirasini tayyorlashda munosib hissa qo‘shishlariga imkoniyat yaratadi.

So‘nggi davrda Osiyo va jahon chempionatlarida sportchilarimiz erishayotgan yutuqlar soni va salmog‘i sezilarli darajada o‘sdi. Jumladan, joriy yilning yetti oyi mobaynida mamlakatimiz vakillari xorijda o‘tkazilgan 120dan ziyod nufuzli musobaqada vatanimiz sharafini munosib himoya qilishdi. O‘zbekistonlik sportchilar jami 773 marotaba shohsupaga ko‘tarilishdi: 292 ta oltin, 221 ta kumush, 261 ta bronza medali qo‘lga kiritildi. May oyida Toshkentda boks bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida sportchilarimiz o‘nta vazn toifasidan to‘qqiztasida oltin medallarga sazovor bo‘lishgani xalqimizning kayfiyatini ko‘tardi, ajoyib quvonchli lahzalarni hadya etdi.

Qo‘mitamiz, tizimimizdagi mutaxassislar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarning iste’dodini yuzaga chiqarish uchun barcha ishlarni amalga oshirishni o‘zimizning sharafli burchimiz, deb bilamiz.
 

Rustam Qurbonov,
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy
tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi.
 

 

 

Saytning oxirgi yangilanishi:
09.12.2019 | 21:29
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169