Futbolchi boʻlishni orzu qilib boksda baxtini topgan Bahodir Jalolov 26 yoshga toʻldi

Bugun oʻzbek boks maktabining yorqin yulduzlaridan biri, qitʼa va jahon chempioni Bahodir Fazliddinovich Jalolov oʻz tavallud kunini nishonlamoqda. U 1994-yil 8-iyulda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida dunyoga kelgan.

Bahodir aksariyat oʻgʻil bolalar singari yoshligidan futbolga mehr qoʻygan. Mahallada toʻp tepib ulgʻaygan, jahon yulduzlarining oʻyinlarini koʻrib zavqlangan, ularga oʻxshashga havas qilgan va intilgan.

Ammo, falakning gardishi bilan Chirchiq ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatiga kelganida mutaxassislar unda boksga layoqatni payqab qolishadi va boks boʻlimiga qabul qiladi. U charm qoʻlqop sirlarini murabbiylari Rustam Saidov va Toʻlqin Qilichevlar qoʻl ostida mukammal darajada oʻzlashtirishga harakat qildi va bunga erishdi ham.

“Har ishda bir hikmat bor”, deyishadi ulugʻlar. Bahodirning ham boks boʻlimiga qabul qilinishi faqat yaxshilikka xizmat qildi. Uning qator gʻalabalari soʻzimizni tasdiqlaydi.

2013-yilda ilk bor Oʻzbekiston chempionatida gʻalaba qozongan Bahodir Jalolov bu muvaffaqiyatini 2014 va 2015-yillarda ham takrorlaydi hamda oʻzini mamlakatimizning eng iqtidorli bokschilaridan biri sifatida namoyon qiladi.

Bahodirga 2016-yilgi Rio olimpiadasida Oʻzbekiston bayroqdori boʻlishdek sharafli vazifa ishonib topshiriladi. Oʻzining ilk olimpiadasida Jalolov yomon qatnashmadi, chorak finalgacha yetib bordi. Musobaqada sovrindor boʻlishi uchun undan britaniyalik tajribali raqibi Jozef Joysni magʻlub etishi talab qilinardi, ammo yakunda tajriba oʻz soʻzini aytdi va murosasiz kechgan jangda hakamlar qaroriga koʻra Joys gʻolib chiqdi. Keyinchalik u Rio olimpiadasida kumush medalga sazovor boʻldi.

Olimpiya oʻyinlaridagi magʻlubiyatdan keyin Bahodir Jalolov 2017-yilning may oyida Toshkentda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida gʻalaba qozondi. Finalda u qozogʻistonlik nomdor bokschi Qamchibek Konkabayevni magʻlub etadi. Oʻsha yili Germaniyaning Gamburg shahrida oʻtkazilgan jahon chempionatining chorak finalida esa yana oʻsha eski raqibi Qamchibek bilan toʻqnash keldi va bu safar hakamlar gʻalabani qozogʻistonlik bokschiga taqdim etishdi.

2018-yilgi Osiyo oʻyinlarida Bahodir ishtirok etmadi, chunki tashkilotchilar musobaqa dasturidan ogʻir vaznlarni olib tashlagandi. Ammo, 2019-yilda hamyurtimiz ham qitʼa, ham jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. Ayniqsa, Yekaterinburg shahrida oʻtkazilgan jahon chempionati finalida azaliy raqibi Qamchibek Konkabayevni katta ustunlik bilan yengdi va ikki yil oldingi magʻlubiyat uchun munosib revansh oldi. Musobaqa yakunida Jalolov “eng yaxshi bokschi” deb topildi.

Joriy yilning mart oyida Iordaniyaning Amman shahrida oʻtkazilgan boks boʻyicha Olimpiya litsenzion turnirida oʻz oldiga qoʻyilgan vazifani sharaf bilan uddaladi va Tokio olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Uning mamlakatimizda boks sporti rivojiga qoʻshib kelayotgan hissasi hukumatimiz tomonidan munosib eʼtirof etilgan holda “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti hamda “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mahoratli bokschi, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Bahodir Jalolovni bugungi tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etadi hamda uning kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaydi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
07.08.2020 | 20:00
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169