Vazirlikda suv sporti turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi trenerlar kengashining ochiq yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Suv sporti turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi trenerlar kengashining ochiq yigʻilishi oʻtkazildi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov olib borgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi xodimi Shavkat Sultanov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Suv sporti turlari boʻyicha ROSMM direktori Komil Xolmatov hamda trenerlar kengashi aʼzolari va sportchilar ishtirok etdi. Yigʻilishni Zoom platformasi orqali MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov ham kuzatib bordi.

Dastlab Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bosh mutaxassisi Akrom Nizametdinov suv sporti turlari boʻyicha ROSMM aʼzolarining 2018-yildan 2020-yilning oʻtgan davriga qadar erishilgan yutuqlari haqida hisobot taqdim etdi.

Unda qayd etilishicha, baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolari 2018-yilda oʻtkazilgan turli xalqaro musobaqalarda jami 226ta (shundan 119ta oltin, 66ta kumush, 41ta bronza) medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2019-yilda ushbu koʻrsatkich atigi 19tani (11ta oltin, 6ta kumush, 2ta bronza) tashkil etgan.

Akademik eshkak eshish sportida esa vakillarimiz 2018-yilda jami 14ta (8ta oltin, 3tadan kumush va bronza) medalga sazovor boʻlgan. 2019-yilga kelib yutuqlar salmogʻi ortdi hamda sportchilarimiz 18ta (10-7-3) medal bilan taqdirlanishdi.

Tokio olimpiadasiga esa ushbu sport turlaridan vakillarimiz bugungacha atigi 5ta (shundan uchtasi paralimpiya yoʻnalishi) yoʻllanmani qoʻlga kiritgan.

Ochiq yigʻilishda soʻzga chiqqan akademik eshkak eshish boʻyicha terma jamoa bosh treneri Vyacheslav Didrix shu kungacha amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib, ushbu yoʻnalishdan Tokio olimpiadasiga kamida toʻrtta yoʻllanmani qoʻlga kiritish vazifasi qoʻyilganligi va buning uchun imkoniyatlar yetarli ekanligini bildirdi.

Shuningdek, baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha terma jamoa aʼzolari ham XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga yana kamida 3-4ta yoʻllanma olish uchun real imkoniyatga egaligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda sportchi, trener hamda Suv sporti turlari boʻyicha ROSMM oʻrtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash, trenerlar kengashining ish yuritish uslubi va lozim boʻlsa tarkibini ham qayta koʻrib chiqish, sohaga yosh, iqtidorli trenerlarni jalb qilish, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ilgʻor zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, seleksiya ishlarini yana-da kuchaytirish, qolaversa mamlakatimizda suv sporti turlari bilan shugʻullanuvchilar geografiyasini kengaytirish, milliy terma jamoalarning yetakchi sportchilariga munosib zaxira tayyorlash borasida ham takliflar berilib, ular asosida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish tavsiya etildi.

Barcha orziqib kutayotgan toʻrt yillikning nufuzli sport anjumani – Tokio-2020 olimpiadasi pandemiya sababli bir yilga kechiktirildi. Biroq, bu bilan sport hayoti toʻxtab qolgani yoʻq. Qolaversa, berilgan imkoniyatdan unumli foydalangan holda sportchilarimiz har bir kunni gʻanimat bilib, mashgʻulotlarga yana-da zoʻr berishmas ekan, Olimpiya oʻyinlarida koʻzlangan maqsadga erishishlari amri mahol.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
14.08.2020 | 22:41
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169