Bugun mamlakatimizda “Olimpiya kuni” nishonlandi

“23-iyun – Xalqaro Olimpiya kuni”. Bu sana butun dunyoda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tashkil topgan kun sifatida 70 yildan ortiq vaqt davomida katta shodiyona bilan nishonlab kelinadi.

Oʻzbekistonda joriy yilgi “Olimpiya kuni” bugun nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan erta tongda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston MOQ, Olimpiya sport turlari boʻyicha federatsiya va assotsiatsiyalar xodimlari, sportchi va murabbiylar birgalikda badantarbiya mashqlarini bajarishdi.

Garchi “Olimpiya kuni” tadbirlari Oʻzbekistonda asosan bugun nishonlanayotgan boʻlsada, ushbu kun shukuhi yurtimizda bir necha kundan beri kezib yuribdi. Jumladan, 15-iyundan virtual yugurish dasturi yoʻlga qoʻyilib, unda hozirgacha 500 nafarga yaqin hamyurtimiz oʻz omadini sinab koʻrishdi.

“Olimpiada – bu...” loyihasi orqali taniqli oʻzbek sportchi va trenerlari zamonaviy Olimpiya oʻyinlari haqidagi oʻz mulohazalari bilan oʻrtoqlashib, ushbu roliklar ijtimoiy tarmoqlarda faol targʻib qilinmoqda.

Maʼlumki, hozirda butun dunyo koronavirus pandemiyasi tufayli karantin holatida boʻlgani sababli bu yilgi bayram barcha mamlakatlarda onlayn tarzda nishonlanmoqda. Jumladan, Oʻzbekistonda ham.

Shu maqsadda bugun soat 11:00da ZOOM platformasi orqali mamlakatimiz sport jamoatchiligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda MOQ mutasaddilari, yurtimizda faoliyat olib borayotgan Olimpiya sport turlari boʻyicha federatsiyalar va assotsiatsiyalar vakillari, sport faxriylari, mustaqil Oʻzbekiston tarixida Olimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportimiz yulduzlari, qolaversa sanʼatkorlar videokonferensiya shaklida “Olimpiya kuni”ni nishonlashdi.

Unda soʻz olgan Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov videokonferensiya ishtirokchilari va ular orqali mamlakatimizning barcha sport ahlini bugungi bayram bilan tabrikladi:

- Olimpiya kuni oʻzining tarixiy voqeligini nishonlayotganiga qaramay, uning maqsadi kelajakka, ayniqsa, yoshlarni sportga jalb etishga qaratilgan. Yoshlarni sport orqali oʻzaro ahillik va doʻstona ruhda tarbiyalash Olimpiya kunining bosh gʻoyalaridan biridir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham sport va jismoniy tarbiya sohasini yana-da rivojlantirish, yoshlarni sogʻlom turmush tarziga jalb qilish jihatlariga alohida eʼtibor qaratib, buning uchun mamlakatimiz yoshlariga barcha sharoitlarni yaratib bermoqdalar.

2020-yilgi Olimpiya kuni butun dunyo uchun mana shunday murakkab vaziyatga toʻgʻri keldi. Biroq bu virus hech bir mamlakatda mazkur kunning nishonlanishiga toʻsqinlik qila olmayapti. Guvohi boʻlganimizdek, Oʻzbekistonda ham Olimpiya kuni turli onlayn musobaqalar, mana shunday muloqotlar orqali nishonlanmoqda. Fursatdan foydalanib, barchangizni Olimpiya kuni bilan samimiy muborakbod etib qolaman!


Shuningdek, videokonferensiyada Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, mamlakatimiz faxri, kuni kecha oʻzining 45 yoshlik yubileyini nishonlagan sport gimnastikasi afsonasi Oksana Chusovitina, mustaqil Oʻzbekistonga yozgi Olimpiya oʻyinlarining dastlabki oltin medalini taqdim etgan Muhammadqodir Abdullayev, taniqli aktyor, Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilov va boshqalar ham soʻzga chiqib, yurtimizda olimpizm harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu jarayonda sport jamoatchiligi hukumatimizning har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotganini his etib turganligini alohida eʼtirof etishdi hamda “Olimpiya kuni” bilan yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etishdi.

Tadbir soʻngida qatnashchilarga Xalqaro olimpiya qoʻmitasi prezidenti Tomas Bax tomonidan yoʻllangan tabrik namoyish etildi.

Oʻzbekistonda “Olimpiya kuni” tadbirlari shu bilan tugamaydi. Ayni kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida ushbu sanaga bagʻishlab sport tadbirlari tashkil etilmoqda. Demak, “Olimpiya kuni” shukuhi hali davom etadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
14.08.2020 | 22:41
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169