Olga Zabelinskaya: “Hali faoliyatimni tugatish rejamda yoʻq”

Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam, ayni shu kunlarda Toshkent viloyatida velosportning shosse yoʻnalishi boʻyicha Osiyo chempionati oʻtkazilgan edi. Mazkur musobaqada hamyurtimiz Olga Zabelinskaya 112,8 km masofaga kechgan guruh poygasi yoʻnalishida zafar quchib, Tokio olimpiadasida yoʻllanmani qoʻlga kiritganiga ham bir yil toʻldi.

Quyida Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi matbuot xizmati tomonidan isteʼdodli sportchimiz bilan mazkur gʻalaba taassurotlari va kelgusi rejalari xususida uyushtirilgan suhbatini eʼtiboringizga havola qilamiz.

– Oʻtgan yil Osiyo chempionatida zafar quchganingizga ham bir yil boʻlibdi. Ushbu gʻalaba faoliyatingizda qanday rol oʻynaydi?

– Osiyo chempionatidagi gʻalaba mening 2019-yildagi bosh maqsadim edi. Tabiiyki, tayyorgarlik ham shunga yarasha yuqori saviyada boʻlib, koʻzlangan maqsadga erishdim. Chempionatning Oʻzbekistonda oʻtgani, hamyurtlarimizning koʻz oʻngida mana shunday gʻalabaga erishishimiz, oʻylaymanki, velosportning yurtimizda rivoj topishiga yana bir karra hissa qoʻshgan.

– Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik qanday ketmoqda?

– Butun dunyoda yuzaga kelgan karantin sabab rejalar tubdan oʻzgarib ketdi. Musobaqalar taqvimi yangilangach biz ham rejalarimizni qayta koʻrib chiqishimiz mumkin. Hozircha uy sharoitida shugʻullanaman va kelgusi yilgi gʻalabalar uchun kuch yigʻaman.

– Tokio Olimpiadasining yoʻllanmasi shosseda qoʻlga kiritildi. Demak, buyogʻiga faqat shu yoʻnalishdagi musobaqalarda qatnashasizmi?

– Yoʻq. Rejalarimga trek poygalarida ham qatnashish kiritilgan. Asosiy kuch Olimpiadaga qaratilsa ham, ungacha trek boʻyicha Osiyo va jahon chempionatlari bor. Mazkur musobaqalar saviyasi ham ancha baland va ularda ham yurtimiz uchun medal olib kelish niyatidaman.

– Tokio faoliyatingizdagi oxirgi start boʻladimi?

– Bilasizmi, hali faoliyatimni tugatish rejamda yoʻq. Shu bois bu haqida gapirish biroz erta. Jamoam bilan katta-katta marralarni zabt etishni maqsad qilib qoʻyganman.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
12.08.2020 | 18:58
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169