Ravshan Ermatov Vadim Abramovning ikki jamoada ishlashiga munosabat bildirdi

Koronavirus pandemiyasi tufayli butun dunyoda boshqa yirik tadbirlar kabi sport musobaqalari, millionlar oʻyini sanalmish futbol uchrashuvlari ham oʻtkazilmayapti.

Ammo, bu bilan futbolda hayot toʻxtab qolganicha yoʻq. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan karantin davri tugagach futbol boʻyicha musobaqalarni davom ettirish, Oʻzbekiston Superligasi bahslarining keyingi tur oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrish, terma jamoalar faoliyatini tizimli ishlashini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlarni olib bormoqda.

Karantin davrida ham futbol muxlislarini xushnud etish maqsadida OʻFA Media boʻlimi tomonidan qiziqarli loyihaga qoʻl urildi. Unga koʻra muxlislar “Savol yoʻllang!” loyihasi doirasida oʻzbek futboli jamoatchiligi vakillariga oʻzingizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishlari mumkin.

Loyihaning ilk sonida muxlislardan kelgan savollarga Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari, OʻFA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov javob berdi.

– Assalomu alaykum, milliy terma jamoamiz libosini oʻzgartirishning iloji bormi? Masalan, Puma, Adidas, Nike kompaniyalari bilan shartnoma tuzilishini istardik…

– Biz ayni vaqtda Germaniyaning Jako kompaniyasi bilan 2018 – 2021-yillarga tuzilgan amaldagi shartnoma asosida hamkorlik qilyapmiz. Shu bilan birga dunyoning yetakchi sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning faoliyatini ham kuzatib bormoqdamiz. Jako bilan shartnomamiz yakuniga yetgach, keyingi bosqich haqida oʻylaymiz. Agar ushbu kompaniya bizning terma jamoalarimizga xos, yangilangan, sifatli hamda chiroyli formalarni taklif eta olsa, biz hamkorlikni davom ettiramiz. Aks holda, albatta boshqa takliflarni ham oʻrganib chiqishga tayyormiz. Bu ham bir raqobat.

– Assalomu alaykum, Ravshan aka. Men Nukusdan Aybekman, savolim quyidagicha: Qoraqalpogʻistonda futbol muxlislari Vodiydagidan kam emas. Oxirgi marta Oliy liga havosidan 2001-2002 mavsumda nafas olganmiz. Qachon Qoraqalpogʻistonga katta futbol qaytadi?

– Qoraqalpogʻistonda futbol anʼanalari uzoq yillarga borib taqaladi. Ushbu oʻlkadan terma jamoamiz uchun bir qancha isteʼdodlar yetishib chiqqan, qolaversa bugungi kunda ham qoraqalpogʻistonlik koʻplab mutaxassislar futbolimizdagi faoliyatini muvofaqqiyatli davom ettirmoqdalar. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi OFK bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻistonda FIFA standartlariga mos zamonaviy futbol maydonini qurib bitkazdi. Oʻylaymanki, yuqori sifatli maydon mahalliy futbolchilar uchun qulaylik yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga tan olish kerak, yuqori ligalarimizda Qoraqalpogʻiston klublari soni koʻp emas. Biz muammoni atroflicha oʻrganib chiqish maqsadida joylarga borib futbol bilan shugʻullanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdik. Qoraqalpogʻistonga OʻFAning mutaxassislari guruhini yuborib, bolalar futbolidan tortib, professional futbol obyektlari faoliyatini sinchikovlik bilan oʻrgandik. Kamchiliklar bor. Lekin, bosqichma-bosqich ularni bartaraf etish va qoraqalpoq futbolini mavqeini tiklash boʻyicha reja tuzib chiqildi. Gʻalabalar hali oldinda.

– Nega oxirgi yillarda amputantlarga eʼtibor past? Jahonning eng kuchli terma jamoasi oxirgi yillarda oʻz oʻrnini berib qoʻydi.

– OʻFAda faoliyatimni boshlaganimdan soʻng birinchilardan boʻlib mana shu terma jamoamiz haqida qiziqdim. Chunki, amputantlar terma jamoasi tarixiy natijalar qayd etishgan. Ularni eʼtibordan chetda qoldirib boʻlmaydi. Ayni vaqtda terma jamoalar boʻlimi ushbu jamoamiz faoliyatini muvofiqlashtirib turibdi. Biz yil laureatlarini taqdirlash marosimida ham aynan mana shu terma jamoamizga atalgan maxsus nominatsiya joriy etdik. Chunki, futbolchilar doimiy eʼtiborda va eʼtirofda ekanliklarini his etishlarini xohlaymiz. Shunda gʻalabalarga boʻlgan intilish kuchayadi. Afsuski, oʻtgan yili amputantlar terma jamoasi gʻalabalariga poydevor qoʻygan inson, bosh murabbiy Rustam Kariyev olamdan oʻtdilar. Bu futbolimiz uchun katta yoʻqotish boʻldi. Umid qilamanki, ularning shogirdlari orasida gʻalabali anʼanalarni davom ettiradigan mutaxassislar yetishib chiqadi.

– Terma jamoamiz qachon kuchliroq raqiblar bilan Toshkentda oʻynaydi?

– Oʻzbekiston milliy terma jamoasi hozirda Jahon chempionati saralash turnirida qatnashmoqda. Tayyorgarlik esa bosh murabbiyning rejasidan kelib chiqib olib boriladi. Terma jamoamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov rasmiy oʻyindagi boʻlajak raqibdan kelib chiqib, biz uchun foydali boʻlishi kutilayotgan raqibni tanlaydi va bizga murojaat qiladi. Oʻz navbatida OʻFA rahbariyati va xalqaro aloqalar boʻlimi uning tanlagan jamoasi bilan muzokaralar oʻtkazamiz.

– Nega milliy terma jamoa bosh murabbiyi bir vaqtning oʻzida ikkita jamoada ishlaydi?

– “Bunyodkor” klubi oʻzbek futbolida bugungi kunda juda katta oʻrin tutadi. Bilasiz, turli yoshdagi terma jamoalarimizga “Bunyodkor” akademiyasi koʻplab isteʼdodli futbolchilarni tarbiyalab berdi. Vadim Abramov assotsiatsiya bilan shartnoma tuzayotgan paytda bu masalani koʻtargandik. Murabbiy qiyin vaziyatda klubni tashlab ketmasligi, terma jamoadagi ishini prioritet masala deb bilishini maʼlum qildi.

– Ravshan Ermatov referilikka qaytadimi?

– Bilasiz, davlatimiz rahbari tomonidan futbolga, umuman sportga qoʻyilayotgan talablar juda yuqori. Ayni vaqtda bizga topshirilgan masʼuliyatli vazifalarga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etyapmiz. Shu sababli, referilikka qaytish haqida hozir oʻylamayapman.

– Yaqin orada yurtimizda oʻtkaziladigan yirik futbol turnirlari haqida maʼlumot bera olasizmi?

– Oʻzbek futboli tarixida birinchi bor U-19 Osiyo chempionati bizning yurtimizga ishonib topshirildi. OFK rejasi boʻyicha turnir oktyabr oyida boshlanishi kerak. Biroq, butun dunyo pandemiya holatiga duch kelgani sababli koʻplab yirik turnirlarning sanalari oʻzgarib ketmoqda. Shu sababli ham qitʼa chempionati borasida OFK tomonidan chiqariladigan qarorni kutib qolamiz. Umid qilamizki, tez fursatda insoniyat bu baloni yengib oʻtadi va Oʻzbekistondagi Osiyo chempionati belgilangan muddatda boshlanadi.

– Faoliyatingiz davomida boshqargan eng qiyin va esda qolarli oʻyin qaysi?

– Savol uchun rahmat. Hakamlik faoliyatim davomida eng qiyin uchrashuvlar bu 2010-yilgi Jahon chempionati yarim finali Gollandiya – Urugvay va 2018-yilgi mundialdagi Xorvatiya – Argentina uchrashuvlari. Agar eng esda qolgan oʻyinni eslasam, bu albatta Jahon chempionati-2010 ochilish uchrashuvi – Janubiy Afrika Respublikasi va Meksika terma jamoalari oʻrtasidagi bahs.

– Milliy terma jamoamizga Yevropadan kuchli mutaxassis olib kelish masalasiga fikringiz qanday?

– Yevropalik murabbiy masalasida ayni vaqtda gapirish nooʻrin. Chunki terma jamoamizda murabbiy bor. Agar umumiy bu mavzudagi fikrimni aytsam, murabbiyning qayerdan ekanligi muhim emas. Balki, asosiysi terma jamoaning oʻyin uslubiga qanchalik mosligini oʻrganish kerak. Murabbiyning ishga yondoshuvi va oldiga qoʻyadigan maqsadlari ahamiyatliroq.

– Klublarni xususiylashtirish qachon boshlanadi?

– Juda oʻrinli savol. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida bu masalaga alohida eʼtibor qaratilgan. 2030-yilga qadar klublarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish boʻyicha vazifa belgilab berilgan. Bu borada rejali ravishda ish boshlab yuborilgan.

– Futbolda iqtidori boʻlib, yoshi esa 20dan oʻtgan boʻlsa, ularni koʻrikdan oʻtkazish mumkinmi, ular futbolda faoliyat olib bora oladimi?

– Agar 20 yoshgacha professional tarzda futbol oʻynamagan boʻlsa va shu yoshda endi boshlamoqchi boʻlsa, u holda bu albatta kech. Chunki, 20 yoshga kelib futbolchilar klublarda asosiy tarkibda, terma jamoalarda esa xalqaro turnirlarda qatnashayotgan boʻlishadi. Buning ustiga yuqori texnika va isteʼdoddan tashqari futbolda jismoniy kuch hamda tayyorgarlik katta rol oʻynaydi. Yetarli tayyorgarliksiz futbol oʻynash ogʻir jarohatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Agar umumiy futbol tizimidagi faoliyat nazarda tutilayotgan boʻlsa, unda albatta boshqa yoʻnalishlarda oʻzini sinab koʻrsa boʻladi. Murabbiylikka oʻqish mumkin. Hakamlikda oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrsa ham boʻladi.

– VAR tizimi Oʻzbekistonda qachondan ishlaydi?

– VAR tizimini Oʻzbekistonda joriy etish boʻyicha dastlabki qadamlar hozirning oʻzida tashlangan. Biz oʻzbekistonlik mutaxassislarga tizimni oʻqitish boʻyicha FIFA mutaxassislarini taklif etdik. Shundan soʻng tizimning texnik jihozlash ishlarini boshladik. Hatto test rejimida ishlatib ham koʻrdik. Albatta rasman ishga tushirish uchun bizning mutaxassislar bu yoʻnalishni toʻliq oʻzlashtirishi, stadionlar maxsus jihozlanishi, va eng muhimi VAR ishlatish uchun litsenziyaga ega boʻlishimiz kerak. Oʻylaymanki bu ishlarni keyingi mavsum boshiga qadar yakuniga yetkazamiz va tizimni ishga tushiramiz.

Manba: https://t.me/FAUzbekistan

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
07.08.2020 | 20:00
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169