Butunjahon karate federatsiyasi prezidenti Toshkentga keldi

20 noyabr kuni Xalqaro karate federatsiyasi (WKF) delegatsiyasi diyorimizga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga tashkilot prezidenti Antonio Espinos boshchilik qilmoqda. Unga vitse-prezident Nosir Abdulrazzoq va boshqa mutaxassislar hamrohlik qilishmoqda

Karate oilasi rahbari Markaziy Osiyoga ilk tashrifini poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishishdan boshladi.
Mehmonlar Milliy olimpiya qo‘mitasida, Olimpiya shon-shuhrati muzeyida bo‘lishdi. Aynan shu joyda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov martabali mehmonlar bilan uchrashdi.
Do‘stona va samimiy ruhda kechgan muloqot chog‘ida sport va xususan karateni rivojlantirish, bu borada dunyoda va mamlakatimizda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar xususida atroflicha fikr almashildi.
Rustam Qurbonov mamlakatimiz rahbariyatining sportga ko‘rsatayotgan e’tibori o‘zbekistonlik sportchilarning nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritishiga zamin hozirlayotganiga e’tibor qaratdi. Davlat sport qo‘mitasi rahbari yoshlarimiz orasida karatega qiziquvchilar juda ko‘pligi, taxminan 30 mingga yaqin o‘g‘il-qiz ushbu sport turi sir-asrorlarini o‘rganayotgani, biroq ularga saboq beruvchi malakali trenerlar yetishmasligini e’tirof etib, bu borada xalqaro tashkilotlar yordam berishi barcha uchun foydali bo‘lishini ta’kidladi.
Antonio Espinos mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi va Olimpiya muzeyi o‘zida katta taassurot qoldirganini aytdi. O‘zbekiston rahbariyatining o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasi va sport haqida g‘amxo‘rligiga yuksak baho berdi. Mehmon 2020-yili Tokioda o‘tkaziladigan olimpiya o‘yinlarida karatening debyuti nishonlanishini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shu bilan birga Tokioni kutib o‘tirmaslik kerakligini, ungacha o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarda faol qatnashish zarurligini ta’kidladi. Jumladan, kelgusi yili Buenos-Ayresda o‘tkaziladigan o‘smirlar olimpiya o‘yinlari davrida orttirilgan tajriba keyinchalik Yaponiya poytaxtida kattalar o‘rtasida olimpiadada muvaffaqiyat qozonish uchun poydevor bo‘lishiga urg‘u berdi. Shu bilan birga mamlakatimizda yosh sportchilarning ko‘nikma va malakalarini oshirishga xizmat qiluvchi Karate markazi bunyod etish maqsadga muvofiq ekaniga e’tibor qaratdi.
Antonio Espinos jurnalistlarga intervyu berish bilan birga muzeyning faxriy mehmonlari kitobiga dil so‘zlarini bitdi.
WKF delegatsiya vakillari Toshkentdagi "Universal" sport saroyi mezbonlik qilayotgan O‘zbekiston Kubogi bahslarini kuzatishdi. Antonio Espinos musobaqa ishtirokchilariga murojaat qilib, ularga omad tiladi.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan mingdan ziyod sportchi kubok musobaqasining sovrinli o‘rinlari uchun bahs olib borayotgani diqqatga sazovor.
Chorshanba kuni mehmonlar O‘zbekiston milliy karate federatsiyasi tashkil etadigan matbuot anjumanida ishtirok etishadi. Tadbirda sportimiz tarixida birinchi bo‘lib karate bo‘yicha jahon chempionati sovrindoriga aylangan hamda WKF tomonidan yilning eng yaxshi sportchisi sifatida e’tirof etilgan Sadriddin Saymatov ham qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Butunjahon karate federatsiyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatimizda ushbu sport turi rivojiga katta hissa qo‘shishi shubhasiz.
 

Saytning oxirgi yangilanishi:
19.04.2019 | 22:13
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169