Badminton sport turi uchun kafedra tashkil qilinadi

Joriy yilning 11-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 143-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida badminton sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Respublikada badminton sport turini yana-da keng rivojlantirish, aholi keng qatlamlarini, xususan, yoshlarni badminton sport turi bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, yuqori malakali trener kadrlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish, mavjud moddiy-texnika bazadan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Oʻzbekiston Respublikasida badminton sport turini rivojlantirish

chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

badminton sport turi bilan shugʻullanuvchilar uchun shart-sharoitlar yaratish, ushbu sport turining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport anjomlari bilan taʼminlash, ushbu yoʻnalishda davlat-xususiy sheriklik subyektlarining faoliyatini rivojlantirish;

badminton sport turi boʻyicha kadrlar salohiyatini yana-da oshirish, yuqori malakali, chuqur kasbiy bilimga va axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan malakali trenerlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularni ilmiy-metodik jihatdan taʼminlash;

aholining keng qatlamlari oʻrtasida badminton boʻyicha ommaviy sogʻlomlashtirish ishlarini rivojlantirish, musobaqalarni oʻtkazish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, qoʻllab-quvvatlash va maqsadli tayyorlash;

Oʻzbekistonda badminton sport turini yana-da rivojlantirish maqsadida ushbu sport turi boʻyicha yuqori natijalarga erishgan mamlakatlar tajribasini oʻrganish, zarur hollarda xorijiy trenerlar va mutaxassislarni jalb qilish;

ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, elektron va Internet jahon axborot tarmogʻi orqali aholi oʻrtasida badminton sport turining sogʻlom turmush tarziga ijobiy taʼsir etuvchi vosita ekanligini targʻib qilish ishlarini tashkil etish.

2. Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining shaxsiy masʼuliyati belgilab qoʻyilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oʻzbekiston badminton federatsiyasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda hududlarda badminton sport turini yana-da rivojlantirish, shu jumladan tegishli tuman (shahar)larda badminton boʻyicha klublarni tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi namunasini ishlab chiqsin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuborsin.

3. Quyidagilar Dasturning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining sport

va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining “Taʼlim” sohasiga ajratiladigan mablagʻlari;

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi mablagʻlari;

Oʻzbekiston badminton federatsiyasi mablagʻlari;

imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. Respublika hududlari boʻyicha badminton sport turiga biriktirilayotgan sport obyektlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Oʻzbekiston badminton federatsiyasi bilan birgalikda

2-ilova bilan biriktirilayotgan sport obyektlarida badmintonchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zamonaviy sport asbob-uskunalari, inventarlari bilan taʼminlash, badminton boʻyicha yuqori darajada sport musobaqalarni, oʻquv-mashq yigʻinlarini va boshqa sport tadbirlarini oʻtkazish, badminton klublarini tashkil etish vazifalari yuklansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda samarali sport infratuzilmasini yaratish maqsadida bolalar maydonchalari negizida tasdiqlangan meʼyor va talablar asosida badminton maydonchalarini qurish boʻyicha namunaviy loyiha ishlab chiqilishini tashkil etsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida 2020-yildan boshlab badminton sport turi uchun 3 oylik qisqa muddatli qayta tayyorlash oʻquv kurslari tashkil etsin.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga 2020/2021 oʻquv yili uchun ajratilgan qabul parametrlarini yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlashda badminton sport turi uchun kvotalarini oshirishini taʼminlasin;

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya

va sport universitetida badminton sport turi uchun kafedra tashkil qilsin hamda yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.

7. Xorazm viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya

va sport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Oʻzbekiston badminton federatsiyasining Xorazm viloyati, Urganch shahri, Yangiariq koʻchasida joylashgan Xorazm tennis va badminton markazini Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi balansiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki, Xorazm viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi Xorazm tennis va badminton markazida badmintonchilar uchun kerakli shart-sharoitlar yaratish, badminton boʻyicha oʻquv-mashgʻulotlar, sport musobaqalari, oʻquv-mashq yigʻinlari va boshqa sport tadbirlarini oʻtkazishga hamda Oʻzbekiston badminton federatsiyasi badmintonchilari ushbu markazdan tekin foydalanishi uchun masʼul hisoblanadi.

8. Quyidagilar:

“Kapital bank” ATB va “Davr bank” XATBning (keyingi oʻrinlarda banklar deb ataladi) Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Muqimiy koʻchasi, 7/3-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston badminton federatsiyasiga operativ boshqaruv huquqi asosida tegishli boʻlgan maʼnan eskirgan ikki qavatli bino oʻrnida (liter 0002) banklar mablagʻlari hisobidan koʻp qavatli binoni (keyingi oʻrinlarda bino deb ataladi) ikki yil davomida qurish, qurilgan binoni (1100 kv.m) Oʻzbekiston badminton federatsiyasi balansiga badmintonchilar uchun yotoqxona sifatida oʻtkazish sharti bilan banklarga berish;

ushbu banklarni Oʻzbekiston badminton federatsiyasiga bosh homiy sifatida biriktirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi binoning loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin va qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi boʻyicha davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.

10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasiga badminton sport turini rivojlantirishni

va musobaqalarni ommaviy axborot vositalari hamda Internet jahon axborot tarmogʻi orqali keng yoritish tavsiya etilsin.

11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov hamda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri
A. Aripov

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
15.08.2020 | 17:42
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169