Xokkey afsonalariga Toshkentdan zamonaviy xonadonlarining kalitlari topshirildi

Sir emaski, bugungi kunda xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholining turli qatlamlari orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Shu bilan birga professional sportdagi gʻalabalarimiz salmogʻini oshirish ham ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu jarayonda nafaqat Olimpiya va milliy, balki qishki sport turlari, xususan xokkeyni yana-da rivojlantirish va ommalashtirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.

Shu maqsadda oʻtgan yili ilk marotaba xokkey boʻyicha tarixiy birinchi Oʻzbekiston chempionati zoʻr muvaffaqiyat bilan tashkil etildi. Toshkentda “Humo Arena” koʻp tarmoqli muz saroyining barpo etilishi esa ushbu sport turi taraqqiyotida muhim jarayon boʻldi. Joriy mavsumdan boshlab “Humo” xokkey klubi Oliy xokkey ligasi bahslarida ishtirok etib kelmoqda. Garchi nufuzli musobaqada oʻzining ilk mavsumini oʻtkazayotgan boʻlishiga qaramay poytaxt jamoasi amalda muntazam chempionatning pley-off bosqichiga yoʻllanmani naqd qilib qoʻydi.

“Oʻzbekiston Respublikasida qishki sport turlarini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori esa mamlakatimizda qishki sport turlarini rivojlantirishda yangi davrni boshlab beradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Mazkur qarorning muhim bandlaridan biri – qishki sport turlari boʻyicha chet eldan taklif qilinayotgan mutaxassislarning xizmat uylari bilan taʼminlanishidir. Bu esa xorijlik malakali trener va mutaxassislarni yurtimizga jalb etishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Darvoqe, “Humo Arena” koʻp tarmoqli muz saroyining ochilish marosimida ishtirok etgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirga mehmon sifatida tashrif buyurishgan rossiyalik xokkey yulduzlariga poytaxtimizdan uy-joy berishni, toki “ular Toshkentga mehmon boʻlib emas, balki oʻz uyiga kelgandek boʻlishsin”, degan taklifni bergandi.

Shu munosabat bilan bugun poytaxtimizdagi Dream City kompaniyasi ofisida tadbir oʻtkazildi. Unga nafaqat rus, balki dunyo xokkey afsonalari ham taklif etilgandi. Tadbirda Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari Sharof Rahmonov ham ishtirok etdi va dastlabki uyning kalitini ikki karra Olimpiya chempioni, koʻp karra Yevropa va jahon chempioni Aleksandr Yakushevga topshirdi.

Soʻngra Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Hamidullayevich Nabiyev ham soʻzga chiqib, rus xokkeyi afsonalarini yana bir bora yurtimizda koʻrib turganidan mamnunligini taʼkidladi. Qolaversa, bugungi marosimdan keyin bu xokkey yulduzlari yurtimizga tez-tez kelib turishi va oʻz bilimlarini yoshlar bilan oʻrtoqlashishi, bu esa mamlakatimizda xokkey sportining jadal rivojlanishiga xizmat qilishini aytib oʻtdi. Oʻz navbatida Dilmurod Nabiyev Olimpiya oʻyinlari gʻolibi, “Stenli kubogi” sohibi va uch karra jahon chempioni Valeriy Kamenskiyga yangi uyning kalitini taqdim etdi.

Shuningdek, tadbirda xokkey afsonalari Aleksey Jamnov va Vitaliy Proxorovlarga ham Toshkentdagi eng koʻrkam uylardan taqdim etildi. Marosimda soʻzga chiqqan V.Kamenskiy bu ehtiromdan boshi koʻkka yetgani va bunday voqea uning hayotida ilk marotaba kuzatilganini taʼkidlab, buning uchun hukumatimizdan minnatdor ekanini bildirdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
01.04.2020 | 12:35
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169