Shavkat Mirziyoev qishki sport turlarini rivojlantirish boʼyicha qarorni qabul qildi

Joriy yilning 4 fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarorni imzoladi. Quyida qarorning toʼliq matni bilan tanishishingiz mumkin.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Yurtimizda aholi, ayniqsa, yoshlar oʼrtasida sogʼlom turmush tarzini targʼib qilish, ularning qishki sport turlari bilan shugʼullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilma yaratish, mamlakat sportchilarining xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini taʼminlash maqsadida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qishki sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish borasida bir qator qoʼshimcha chora-tadbirlar koʼrish zarurati vujudga kelmoqda. Jumladan:

joylarda qishki sport turlari boʼyicha musobaqalarning tizimli oʼtkazilishini yoʼlga qoʼyish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olishning (selektsiya) samarali va shaffof tizimini yaratish, terma jamoalar tarkibini sifatli shakllantirish uchun yuqori malakali sportchilar zaxirasi tayyorlanishini taʼminlash;

qishki sport turlarini rivojlantirish uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda xalqaro standartlarga javob beradigan sport anjomlari, asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash;

qishki sport turlari boʼyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yaratish;

davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qishki sport turlari boʼyicha zamonaviy moddiy-texnika bazasi va infratuzilmani yaratish boʼyicha nodavlat sektor bilan oʼzaro munosabatlarni yoʼlga qoʼyish.

Qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, Oʼzbekiston sportchilarini xalqaro sport musobaqalari, shu jumladan, Pekin shahrida (Xitoy) 2021 yilda boʼlib oʼtadigan qishki Osiyo oʼyinlari hamda 2022 yilda oʼtkaziladigan XXIV qishki Olimpiya oʼyinlariga tayyorlash va ushbu musobaqalarda munosib ishtirokini taʼminlash maqsadida:

1. Oʼzbekistonda qishki sport turlarini 2020–2023 yillarda rivojlantirish dasturi (keyingi oʼrinlarda – Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar Dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutiladigan mablagʼlar;

sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendarь rejasida nazarda tutiladigan Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʼlari;

Qoraqalpogʼiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar, Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, jamgʼarmalar, sport federatsiyalari (uyushmalari), klublari, xorijiy investorlar, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablagʼlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

3. 2023 yil 1 yanvarga qadar Qishki sport turlari assotsiatsiyasi, Oʼzbekiston xokkey federatsiyasi, ularning hududiy boʼlinmalari, qishki sport turlari boʼyicha professional klublari va nodavlat bolalar sport maktablari:

mol-mulk soligʼi hamda jalb qilingan xorijiy sportchilar
va mutaxassislarning daromadlariga ijtimoiy soliq stavkalarini
50 foizga kamaytirilgan holda toʼlaydi;
qishki sport turlari boʼyicha sport obʼektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur boʼlgan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʼyxatlar boʼyicha olib kelinadigan Oʼzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari, inventarlari va maxsus professional sport kiyimlari, transport vositalari, shu jumladan, maxsus transport vositalarini olib kirganlik uchun bojxona boji toʼlashdan ozod qilinadi.

Belgilansinki, mazkur bandning uchinchi xatboshidagi imtiyoz
va shartlar Dastur doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va uning huzuridagi tashkilotlar, Oʼzbekiston Milliy olimpiya qoʼmitasi hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ham tatbiq etiladi.

4. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining:

2020 – 2023 yillarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hududlarda xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy sport asbob-uskunalari bilan jihozlangan yengil konstruktsiyali yopiq muz qoplamali maydonlarni qurish;

qishki sport turlari boʼyicha xorijiy mutaxassis va trenerlarni ishga jalb qilish hamda ularni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash maqsadida belgilangan tartibda xizmat uylari sifatida uy-joy ajratish toʼgʼrisidagi takliflari maʼqullansin.

Belgilab qoʼyilsinki, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida barpo etiladigan yopiq muz qoplamali maydonlarning loyiha-smeta hujjatlari majburiy tartibda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishiladi.

5. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi:

Oʼzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavriat taʼlim yoʼnalishiga 2020/2021 oʼquv yili uchun ajratilgan qabul parametrlarini yoʼnalishlar boʼyicha taqsimlashda qishki sport turlari uchun oʼrin ajratilishini taʼminlasin;

2020/2021 oʼquv yilidan boshlab Oʼzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida qishki sport turlari kafedrasini tashkil qilsin;

Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda 2020 yilning yakuniga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligi “Sertifikatlashtirish va kompьyuterlashtirish markazi” davlat korxonasining Toshkent viloyati Boʼstonliq tumanida joylashgan “Beldirsoy” sport bazasida xalqaro va respublika darajasidagi musobaqalarni oʼtkazish uchun yengil konstruktsiyali bino va inshootlar barpo etish, yoʼl-transport infratuzilmasini yaxshilash, dor yoʼlini zamonaviy anjom, asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash ishlarini amalga oshirsin;

Oʼzbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi va Oʼzbekiston xokkey federatsiyasi bilan birgalikda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʼyicha “El-yurt umidi” jamgʼarmasining xorijda taʼlim olish, stajirovkadan oʼtish va malaka oshirish dasturlari boʼyicha ochiq stipendiya tanlovlarida qishki sport turlari boʼyicha professor-oʼqituvchilar tarkibi va trenerlarning faol ishtirokini taʼminlasin.

6. Oʼzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʼyicha respublika oliy sport mahorati maktabining Toshkent viloyati Boʼstonliq tumani Chimyon qishlogʼida joylashgan “Paxtakor” sport bazasini rekonstruktsiya qilish ishlarini tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq 2020–2021 yillar uchun moʼljallangan Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda zarur markazlashtirilgan kapital qoʼyilmalar limiti belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.

7. Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Sogʼliqni saqlash vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda Oʼzbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirish hamda ushbu soha uchun malakali trenerlarni tayyorlash muammolariga bagʼishlangan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2020–2021 yillarga moʼljallangan ilmiy-amaliy loyihalar tanlovini tashkil qilsin.

8. Qishki sport turlari assotsiatsiyasi, Oʼzbekiston xokkey federatsiyasi, ularning hududiy boʼlinmalari, qishki sport turlari boʼyicha professional klublar va nodavlat bolalar sport maktablariga olti oydan koʼp boʼlgan muddatga tuzilgan shartnomalar asosida jalb qilingan xorijiy sportchilar va mutaxassislar Oʼzbekiston Respublikasi soliq rezidenti deb hisoblanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

9. Toshkent shahar hokimligi, Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Toshkent shahar hokimligi tizimidagi “Oromgoh” davlat unitar korxonasining Toshkent viloyati Boʼstonliq tumani Chimyon qishlogʼida joylashgan ikkita dor yoʼli hamda changʼida uchish trassasini tegishli hududi bilan birgalikda Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʼyicha respublika oliy sport mahorati maktabiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish toʼgʼrisidagi taklifi maʼqullansin.

Toshkent shahar hokimligi ikkita dor yoʼli hamda changʼida uchish trassasini belgilangan tartibda topshirilishini, Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi qabul qilib olishini hamda ulardan samarali foydalanilishini taʼminlasin.

10. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari А.А. Аbduhakimov – qishki sport turlari boʼyicha zamonaviy sport inshootlarini barpo etish va infratuzilmani rivojlantirish choralarini koʼrsin (shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida), ushbu qarorda belgilangan vazifalarni toʼliq va sifatli amalga oshirish uchun aloqador vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirsin, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʼgʼrisidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʼz vaqtida bartaraf etsin;

Oʼzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.H.Nabiev – Oʼzbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin, sportning mazkur turlari boʼyicha faoliyat olib borayotgan nodavlat tashkilotlar (federatsiyalar, assotsiatsiyalar va boshqalar) bilan samarali hamkorlikni yoʼlga qoʼysin, Dasturda belgilangan vazifalarni oʼz vaqtida va sifatli amalga oshirishda masʼul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam koʼrsatsin;

Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari – mahalliy va xorijiy tadbirkorlik subʼektlariga, tashkilotlarga jismoniy tarbiya va sport-sogʼlomlashtirish majmualari hamda sport inshootlarini qurish uchun yer uchastkalarini belgilangan tartibda ajratsin, hududlarda qishki sport turlarini rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari – Dasturda belgilangan vazifalarni oʼz vaqtida va sifatli amalga oshirsin;

Oʼzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori А.K.Koʼchimov, Oʼzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi v.b. А.D.Xadjaev – qishki sport turlarini ommalashtirishga qaratilgan maqolalar, tematik telekoʼrsatuvlar tashkil etsin.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoev

Toshkent shahri,
2020 yil 4 fevral.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi 
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
30.11.2020 | 19:09
Onlayn maslahatchi
Давлат тили масаласи бўйича маслаҳатчига мурожаат

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169