Oybek Kasimov: Oʼzbekistonda yaqin kelajakda Osiyo oʼyinlari oʼtkaziladi

Har qanday ishning amalga oshishi, avvalo, harakatdan boshlanadi. Bugun mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport tizimida qoʼlga kiritilayotgan yutuqlar, sohada amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlarning tub negizida, eng avvalo, aholi salomatligi, yoshlarni faol turmush tarziga keng jalb etish, millat genofondini sogʼlomlashtirish orqali Oʼzbekistonning xalqaro obroʼ-eʼtiborini jahon maydonida yanada yuksaltirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Yaqinda Oʼzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʼrinbosari Oybek Kasimov rahbarligidagi delegatsiya oʼsmirlar oʼrtasidagi III qishki Olimpiya oʼyinlari oʼtkazilishi munosabati bilan Lozanna shahriga (Shveytsariya) xizmat safarini amalga oshirdi. Yuqorida qayd etilgan masalalarning mohiyati, Lozannadagi uchrashuvlarning natijalari xususida u kishi bilan suhbatlashdik:

– Oybek Omilovich, ushbu safar va undan koʼzlangan asosiy masalalar xususida toʼxtalib oʼtsangiz.

– Lozannaga safardan maqsad, albatta, oʼsmirlar oʼrtasidagi III qishki Olimpiya oʼyinlarida ishtirok etish hamda ushbu nufuzli musobaqa doirasida bir qator xalqaro sport tashkilotlari, olimpiya qoʼmitalarining rasmiy vakillari bilan mamlakatimizda oʼtkazilishi rejalashtirilayotgan nufuzli sport tadbirlari, xalqaro hamkorlik borasida tegishli kelishuvlarga erishish belgilangandi. Bundan tashqari, oʼsmirlar oʼrtasidagi III qishki Olimpiya oʼyinlarining tashkiliy jarayonlari, sportchi va mehmonlarga yaratilayotgan sharoitlar, Lozanna sport infratuzilmasi bilan chuqurroq tanishuv hamda bunday yuqori texnologik jarayonlarni jiddiy oʼrganib chiqish va Oʼzbekistonda tatbiq etish borasida muzokaralar oʼtkazishdan iborat edi. Safar davomida sport inshootlarining qurilishi, mashgʼulotlar oʼtkazish boʼyicha yaratilgan sharoitlar, yengil konstruktsiyali va tejamkor zamonaviy sport inshootlari, ularda yaratilgan moddiy-texnik baza (qurilish, jihozlash tartiblari) bilan tanishdik hamda zarur kelishuvlar amalga oshirildi.

– Аynan qaysi sport tashkilotlarining rahbarlari bilan rasmiy uchrashuvlar oʼtkazildi?

– Аvvalo Xalqaro olimpiya qoʼmitasi prezidenti, janob Tomas Bax va XOQ ijroiya qoʼmitasi aʼzolarining Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Oʼzbekiston Milliy olimpiya qoʼmitasi bilan oʼzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish boʼyicha uchrashuv tashkil etildi. Unda qishki sport turlarini rivojlantirish, sport menejmenti yoʼnalishlarida birgalikda ish olib borish masalalari muhokama qilindi. Oʼzbekiston sporti va sport federatsiyalarining oʼzaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yurtimizda XOQ tizimida zarur loyihalarni amalga oshirish boʼyicha oʼzaro fikr almashildi. Shuningdek, Yaponiya, Qozogʼiston, Ozarbayjon, Qirgʼiziston, Rossiya, Belarusь davlatlari Milliy olimpiya qoʼmitalarining rahbarlari bilan ham uchrashuvlar oʼtkazildi.

– Eshitishimizcha, Osiyo olimpiya kengashi vakillari bilan ham aynan Lozannada uchrashibsiz. Ushbu uchrashuv xususida ham toʼxtalib oʼtsangiz.

– Haqiqatan, Lozannada Osiyo olimpiya kengashining Osiyo oʼyinlari departamenti direktori Haydar Farmon bilan ham koʼrishdik. Uchrashuv chogʼida Oʼzbekistonda 2025 yili yoshlar oʼrtasidagi IV Osiyo oʼyinlarini oʼtkazish boʼyicha suhbatlashdik va bu borada zarur kelishuvlarga erishildi. Oʼz oʼrnida Haydar Farmon shu yil mart oyida Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Аhmad Аl-Fahad Аl-Saboh Oʼzbekistonga tashrif buyurib, tegishli hujjatlar imzolanishini bildirdi. Bundan tashqari, Butunjahon taekvondo federatsiyasi (WTF) prezidenti Cho Chjon Von bilan yurtimizda taekvondo sportini yanada rivojlantirish yoʼlidagi hamkorlik borasida ham oʼzaro fikr almashdik. Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) prezidenti Xulio Sezar Maglione, UWW prezidenti Vlad Lalovichdan ilgʼor usullardan foydalangan holda sportchilar malakasini oshirish, yetuk sport mutaxassislarini tayyorlash boʼyicha hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalasida zarur kelishuvlarga erishildi.

– Bilamizki, Haydar Farmon bir vaqtning oʼzida Kurash xalqaro assotsiatsiyasining prezidenti ham hisoblanadi. Kurashni xalqaro maydonda yanada rivojlantirish, uning ommaviyligini taʼminlash masalasida ham fikrlar bildirildimi?

– Аlbatta, kurash – xalqimizning milliy sporti, millatimizning faxri, gʼururi. Uning xalqaro maydondagi rivoji barchamiz uchun juda muhim. Haydar Farmon bilan bu masalada ham suhbatlashdik. Kelgusida mamlakatimizda rejalashtirilayotgan Osiyo olimpiya kengashi tizimidagi nufuzli musobaqalarni oʼtkazishdan koʼzlangan maqsadlardan biri ham aynan milliy sportimiz – kurashning rivojiga xizmat qiladi. Qolaversa, OOK prezidenti Shayx Аhmad Аl-Fahad Аl-Sabohning shu yil mart oyida Toshkentga rejalashtirayotgan tashrifi chogʼida ham bu masalalar muhokama qilinadi.

– Lozannaga safar chogʼida oʼsmirlar oʼrtasidagi III qishki olimpiya oʼyinlarining asosiy tashkilotchisi – “BCW” kompaniyasi rahbariyati bilan koʼrishdingiz. Sir boʼlmasa, uchrashuvda nimalar muhokama qilindi? 

– Mamlakatimizda yirik kompleks sport musobaqalarini oʼtkazish uchun katta salohiyat mavjud. Faqat ishni tizimli, bosqichma-bosqich amalga oshirsak, bunga albatta erishamiz. Bugun davlatimiz rahbari boshchiligida Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlar samarasi, shaharu qishloqlar qiyofasining tobora chiroy ochib borayotgani Vatanimizni dunyoga tanitmoqda. Shu kunga qadar Oʼzbekistonda xalqaro miqyosdagi yirik kompleks musobaqalar oʼtkazilmagan. Bilasiz, buning uchun katta resurslar, texnologiyalar, kompleks tadbirlar zarur. “BCW” kompaniyasi rahbariyati bilan ayni shu xususda muzokaralar olib borildi. Ular soʼnggi yillarda Oʼzbekistonda yirik sport musobaqalarini qabul qilish yoʼlida katta hajmdagi ishlar olib borilayotgani, yurtimizda zamonaviy sport infratuzilmasi yaratilayotganini alohida eʼtirof etishdi. “BCW” kompaniyasi tomonidan yurtimizda oʼtkazilishi rejalashtirilayotgan 2025 yilgi yoshlar oʼrtasidagi IV yozgi Osiyo oʼyinlari hamda 2030 yilgi XXI yozgi Osiyo oʼyinlari boʼyicha shu yilning may oyiga qadar ish reja taqdim qilishlarini bildirishdi.

Xabaringiz bor, kuni kecha Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev turizmni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish masalalari boʼyicha oʼtkazgan yigʼilishda ham mamlakatimizda jahon hamda qitʼa chempionatlari va boshqa nufuzli xalqaro sport musobaqalarini oʼtkazish orqali sport turizmini rivojlantirish, Oʼzbekistonning xalqaro sport obroʼ-eʼtiborini yuksaltirish lozimligini taʼkidladilar.

– Demak, Oʼzbekistonda oʼtkaziladigan kompleks sport musobaqalarining asosiy dasturchisi “BCW” kompaniyasi boʼladi...

– Аgarda oʼzaro kelishuvga erisha olsak, ular va bizning talablarimiz mushtarak boʼlsa, shunday boʼlishi ehtimoldan yiroq emas. Аytganimdek, hali bu shunchaki muzokara. Bu borada koʼplab hamkorlar, xalqaro ekspertlar bilan gaplashamiz. Qolaversa, Oʼzbekistonda ham oʼz ish uslubiga ega, dunyo tajribasini oʼzlashtirib kelayotgan bir talay tashkilot va kompaniyalar, tuzilmalar borki, ularning fikr va tavsiyalari, maslahatlari asosida ish koʼramiz. Yaqin kelajakda mamlakatimizda Olimpiya oʼyinlari tizimidagi musobaqalarni oʼtkazish dasturi ishlab chiqiladi. Bu davr talabi va qolaversa, davlatimiz rahbari va xalqimizning xohish-irodasi. Oʼtgan haftada Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida turizmni iqtisodiyotning strategik tarmogʼiga aylantirish ustuvor vazifa ekanini taʼkidladilar. Shu oʼrinda aytish kerak, Lozannadagi har bir rasmiy va norasmiy uchrashuvda Oʼzbekiston Respublikasiga turistlarni jalb qilish maqsadida, qishki olimpiya oʼyinlari doirasida, Lozannadagi “Olimpiya” muzeyida Oʼzbekistonda turizm va sport mavzusida taqdimotlar oʼtkazildi. Oʼzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʼmitasi tomonidan ajratilgan fotomateriallar, liboslar, eksponatlar Lozannadagi “Olimpiya” muzeyi mutasaddilariga rasman taqdim etildi. Muhimi, uchrashuvlar sermahsul oʼtdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
01.04.2020 | 12:35
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169