Xushxabar: Toshkent dzyudo boʻyicha kattalar oʻrtasida 2021-yilgi Jahon chempionati mezboni, deb eʼlon qilindi

Xabar berganimizdek, bugun Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) prezidenti Marius Vizer rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonga keldi. Faxriy mehmon yarim tunda, aniqrogʻi soat 02:30 da Moskva – Toshkent aviareysi bilan poytaxtimizga uchib keldi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida janob Vizerni Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Kasimov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi prezidenti Azizjon Kamilov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi vitse-prezidenti Saken Polatov va boshqa mutasaddilar kutib olishdi.

IJF prezidentining tashrifidan koʻzlangan asosiy maqsad – Oʻzbekiston va Xalqaro dzyudo federatsiyasi oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish, “Dzyudo maktablarda” dasturi doirasida ikki tomonlama Memorandum imzolash va eng muhimi – 2021-yili kattalar oʻrtasida oʻtkaziladigan Jahon chempionati mezbonligini mamlakatimizga topshirishdan iborat edi.

Bugun kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida belgilangan barcha tadbirlar boʻlib oʻtdi. Marosimni Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi prezidenti Azizjon Kamilov kirish soʻzi bilan ochdi.

“Janob Vizer, sizni yana bir bor Oʻzbekiston zaminida koʻrib turganimizdan xursandmiz. Siz rahbarlik qilayotgan Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan butun dunyoda eng ommaviy sport turlaridan biri boʻlgan dzyudoni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ulkan ishlar va tashabbuslarni yuksak baholaymiz. Oʻzbekiston Xalqaro dzyudo federatsiyasining eng faol aʼzolaridan hisoblanadi. Mamlakatimiz 1996-yili Atlanta olimpiadasida mustaqil jamoa sifatida yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etishni boshlagach, Oʻzbekistonning ushbu nufuzli musobaqadagi ilk medalini vakillarimiz aynan dzyudodan qoʻlga kiritishgani ham soʻzimga isbot boʻladi. Oʻzbekistonda dzyudoni yanada ommalashtirish va xalqaro maydonda yurtimiz dzyudochilari tomonidan qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar salmogʻini oshirishda oʻzbekistonlik yosh mutaxassislarning Xalqaro dzyudo federatsiyasi tizimlarida faoliyat koʻrsatayotgani ham muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston tomoni Xalqaro federatsiya bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, oʻzaro manfaatli hamkorlik rishtalarini bogʻlashga har tomonlama tayyor. Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, bugun Oʻzbekiston dzyudosi uchun tarixiy kun. Xalqaro dzyudo federatsiyasi ilk marotaba kattalar oʻrtasida Jahon chempionati mezbonligini Toshkent shahriga ishonib topshirmoqda. Sizni ishontirib aytamanki, koʻp tarmoqli, muhtasham “Humo Arena”da ushbu nufuzli musobaqani yuqori saviyada oʻtkazamiz. Mamlakatimizda muhtaram yurtboshimiz tomonlaridan sportga qaratilayotgan yuksak eʼtibor fikrimning isboti boʻladi. Siz boshchilik qilayotgan Xalqaro dzyudo federatsiyasining oʻzbek dzyudosiga nisbatan bemisl ishonchi, eʼtibori va adolatli yondashuvi yurtimiz dzyudo muxlislari hurmatiga sazovor boʻlmoqda. Oʻylaymizki, Xalqaro dzyudo federatsiyasi bilan hamkorligimiz muntazamlik kasb etadi hamda kelgusida yanada taraqqiy etadi”.

Shundan soʻng rasmiy tadbirlar boshlandi. Avvaliga Xalqaro dzyudo federatsiyasining “Dzyudo maktablarda” dasturi yuzasidan toʻrt tomonlama Memorandum imzolandi.

Shartnomani imzolash jarayonida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi prezidenti Azizjon Kamilov hamda Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer ishtirok etdi. Dastur doirasida IJF tomonidan har bir maktabga bir dona tatami va bolalar uchun 50ta kimono taqdim etiladi. Bu esa Oʻzbekistonda dzyudo sportining yanada rivojlanishi, oʻquvchi yoshlarning boʻsh vaqtlarini unumli oʻtkazishlariga xizmat qiladi.

Shu kungacha yurtimizdagi 20 ta maktabda dzyudo toʻgaraklari faoliyat yuritayotgan boʻlsa, Memorandumga koʻra ular soni 40 taga yetkaziladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ushbu maktablar qoshida tashkil etiladigan toʻgaraklarda jami 900 nafarga yaqin oʻquvchilarning dzyudo bilan muntazam shugʻullanishi taʼminlanadi. IJF 40 ta maktabga tatami va kimono taqdim etadi hamda murabbiylarga maosh toʻlaydi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev janob Vizerning Oʻzbekistonda dzyudo sportini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasini alohida eʼtirof etdi va faxriy mehmonni “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirladi. Shuningdek, Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Taʼlim xomiysi” nishoni bilan taqdirlandi.

Navbat kun tartibidan oʻrin olgan asosiy masalaga yetib keldi. Marius Vizer Toshkent shahrini 2021-yilgi kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati mezboni sifatida eʼlon qildi. Poytaxtimiz ilk bora dzyudo boʻyicha mana shunday nufuzli musobaqani qabul qiladi. Kelasi yilning sentyabr oyida koʻp tarmoqli “Humo Arena”da jahon chempionati hamda shu bilan birga IJFning yillik Kongressi ham oʻtkaziladi.

Tadbir soʻngida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Marius Vizer va Azizjon Kamilov mavzu yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berishdi.

“Aslida 2021-yilgi jahon chempionati Avstriya poytaxti Vena shahrida oʻtkazilishi kerak edi. Lekin u yerdagi siyosiy vaziyat, aniqrogʻi siyosatning sportdan xoli emasligi yakunda oʻz qarorimizni oʻzgartirishga sabab boʻldi. Biz boshqa sport federatsiyalari qatori siyosatning sportga aralashuviga qarshimiz. Bu orada birinchilardan boʻlib Oʻzbekiston tomoni jahon chempionati mezbonligi uchun oʻz nomzodini ilgari surdi. Biz federatsiya rahbari Azizjon Kamilov bilan Budapeshtda uchrashib, bu borada gaplashib olgandik. Mana bugun mamnuniyat bilan 2021-yilgi jahon chempionati Toshkentda oʻtkazilishini eʼlon qilamiz. 2022-yilgi jahon chempionati Vengriyaning Budapesht, 2023-yilgi chempionat esa Qatar poytaxti Doxa shahrida tashkil etiladi. 2025-yilgi musobaqa mezbonligiga esa hozirda 5-6ta davlat daʼvogarlik qilmoqda”, — dedi IJF prezidenti, janob Mariush Vizer.

“Oʻtgan yili “Humo Arena”da Toshkent Gran-prisi yuqori saviyada tashkil etildi. Buni musobaqaga kelganlar ham eʼtirof etishdi. Xalqaro dzyudo federatsiyasining jahon chempionati mezbonligini Toshkentga taqdim etish qarorini qabul qilishida aynan shu omil muhim ahamiyat kasb etdi, deb oʻylayman. Qolaversa, yurtimiz bunday katta musobaqalarni oʻtkazishda boy tajribaga ega. Oʻylaymanki, 2021-yilgi jahon chempionatini ham barchaning yodida qoladigan darajada oʻtkazamiz”, — dedi A.Kamilov.

Shu tariqa, Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizerning yurtimizga tashrifi yakunlandi. Martabali mehmon bugun tunda Istanbul orqali Budapesht shahriga joʻnab ketadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
15.08.2020 | 17:42
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169