Tokioga Tailand orqali yoxud bugun U-23 Osiyo chempionatiga start berildi

2020-yil – olimpiada yili. Shu sababli butun dunyo sportchilari ayni paytda toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasiga beriladigan yoʻllanmalarga ega chiqish uchun astoydil harakat qilishmoqda. Joriy yilgi Olimpiya saralash musobaqalariga birinchi boʻlib futbolchilarimiz kirishadi. Bugun Tailand davlatida boshlangan U-23 Osiyo chempionati bir vaqtning oʻzida Tokio-2020 olimpiadasiga saralash vazifasini ham oʻtab beradi. Bu esa musobaqaga boʻlgan qiziqishni oshirmoqda. Tailand yashil maydonlarida sovrinli uchta oʻrinni egallagan terma jamoalar XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida qatnashish huquqini qoʻlga kiritadi.

Agarda ana shu omadli jamoalar qatoridan Tokio-2020 olimpiadasi mezboni Yaponiya ham oʻrin olsa, u holda yarim finalning toʻrtinchi vakiliga ham kunchiqar yurtda oʻtkaziladigan toʻrt yillikning eng nufuzli sport anjumaniga chipta nasib etadi.

Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi boʻlajak musobaqaga qizgʻin tayyorgarlik koʻrdi. Futbolchilarimiz ushbu qitʼa birinchiligiga tayyorgarlikni ancha oldin boshlashgan edi. Oʻsha biz uchun muvaffaqiyatli yakunlangan 2018-yilgi U-23 Osiyo chempionatida ham hozirgi jamoa tarkibida yetakchi futbolchilarga aylangan toʻrt nafar charm toʻp ustasi ishtirok etgandi. Ular orttirgan boy tajriba esa bizga bu safar Tailand yashil maydonlarida qoʻl kelsa ne ajab!

2018-yili Indoneziyada oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida futbol boʻyicha terma jamoamiz omadsizlikka uchragach, oʻsha davrdagi OʻFA rahbariyati olimpiyachilar boshqaruviga xorijdan malakali mutaxassis olib kelishga qaror qildi. Va natijada assotsiatsiya rahbariyati 2019-yilning boshida serbiyalik Lyubinko Drulovich bilan kelishuvga erishdi. Ushbu mutaxassis Serbiya U-19 terma jamoasini 2013-yilgi Yevropa chempionatida gʻoliblikka yetaklagan va yoshlar bilan ishlash borasida oʻziga xos tajribaga ega.

Oʻtgan bir yil davomida yoshlarimiz Drulovich boshchiligida koʻplab xorij yigʻinlarida va kuchli raqiblarga qarshi sparring-oʻyinlarda ishtirok etdi. Jamoa koʻp oʻyinlarda yutdi, gohida yutqazdi ham. Biroq, tayyorgarlik jarayonida bu unchalik muhim ahamiyat kasb etmaydi. Asosiysi, jamoaning oʻyin uslubini shakllantirish. Bunga Drulovich qay darajada erisha oldi, buni endi Tailandda boshlangan U-23 Osiyo chempionati koʻrsatib beradi...

Shu oʻrinda musobaqa tarixiga qisqacha nazar tashlasak. 2012-yili Osiyo futbol konfederatsiyasi Olimpiya terma jamoalari uchun alohida musobaqa tashkil etishga qaror qildi va 2013-yili 22 yoshgacha boʻlgan futbolchilar qitʼa chempionini aniqlash uchun Oman davlatiga toʻplanishdi. Ilk musobaqaga terma jamoani Shuhrat Maqsudov olib bordi, biroq vakillarimiz guruh bosqichidayoq kurashni toʻxtatdi. Bir gʻalaba, ikki magʻlubiyat va guruhda 3-oʻrin.

Keyingi musobaqa esa oradan uch yil oʻtib Qatarda tashkil etildi. Bu galgi bahslar bir vaqtning oʻzida Rio olimpiadasiga saralash vazifasini oʻtab berdi. Mazkur musobaqaga olimpiyachilarimiz Samvel Babayan boshchiligida yoʻl oldi. Maqsad jiddiy, vazifa esa Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritish edi. Jamoadagi salohiyat yaxshi va Rio-2016 orzusi biz uchun xom xayol emasdi. Ammo, eng muhim pallada murabbiylarimizning tajribasizligi pand berdi va olimpiada orzusi yana toʻrt yil ortga surildi. Bu safar ham guruh bahslarida ikki magʻlubiyat va bir gʻalaba, yakunda guruhda 3-oʻrin.

2018-yilgi U-23 Osiyo chempionati ilk marotaba sharqiy Osiyoga koʻchdi. Xitoy davlati mezbonlik qilgan musobaqa esa Ravshan Haydarov boshqaruviga oʻtgan olimpiyachilarimiz uchun muvaffaqiyatli kelganidan xabaringiz bor. Ilk oʻyinda qatarlik tengqurlariga imkoniyatni boy bergan yoshlarimiz keyinchalik oʻzlarini qoʻlga ola bilishdi va ketma-ket gʻalabalarga erishib, bosh sovrinni Oʻzbekistonga olib keldi. Oʻsha qorli maydonda Vyetnam ustidan qozonilgan ajoyib gʻalabani hali-hamon muxlislarimiz unutishgani yoʻq.

Bu safar U-23 Osiyo chempionatini muxlisu-mutaxassislarimiz intiqlik bilan kutishdi. Negaki, Tailanddagi musobaqada oʻrtaga Tokio-2020 yoʻllanmasi tikilgan. Boz ustiga, soʻnggi yillarda qitʼamiz futbolida peshqadamga aylangan Yaponiya olimpiyachilari bu musobaqada guyoki konkursdan tashqari qatnashadi. Yaʼni ular qayd etgan natija inobatga olinmaydi va bu bizga qoʻshimcha imkoniyat taqdim etadi. Futbolchilarimiz vaziyatni juda yaxshi anglab turishibdi va ular qitʼa birinchiligida bor mahoratini ishga solib, yurtdoshlarimizni xushnud etishlariga ishongimiz kelmoqda. Zero, musobaqa oldidan BAAda tashkil etilgan yigʻin va unda qayd etilgan natijalar olimpiyachilarimizga boʻlgan ishonch hissini oshirdi. Ayniqsa, 3-yanvar kuni Tailandda Qatar olimpiya terma jamoasi ustidan qozonilgan ajoyib gʻalaba (Oʻzbekiston U-23 — Qatar U-23 — 3:1) futbolchilarimizning salohiyatlari yuqori ekanini koʻrsatdi. Umid qilamizki, bu safar futbolchilarimiz nihoyat Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasiga sazovor boʻlishadi. Bu yoʻlda ularga omad tilaymiz.

U-23 Osiyo chempionati

“C” guruhi

1-tur

9-yanvar, soat 15:15. “Tinsulanon” stadioni, Songxla

Oʻzbekiston – Eron

2-tur

12-yanvar, soat 18:15. “Tinsulanon” stadioni, Songxla

Xitoy – Oʻzbekiston

3-tur

15-yanvar, soat 15:15. “Tammasat” stadioni, Patum Tani

Oʻzbekiston – Janubiy Koreya

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
01.04.2020 | 12:35
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169