Jismoniy tarbiya va sport vazirligida korrupsiyaning oldini olish mavzusida davra suhbati oʻtkazildi

Jamiyatda demokratik qadriyatlar qaror topayotgan bir vaqtda davlat xizmatchilari tomonidan poraxoʻrlik, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilishi hokimiyatning obroʻsizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga, natijada amaldagi hukumatga nisbatan norozilik tugʻilishiga sabab boʻladi. Bu oʻz navbatida mamlakatda korrupsiyaning rivojlanishi hamda davlatning tanazzuliga olib keladi.

Har bir jamiyatda mavjud boʻlgan bu kabi illatlar bilan ayovsiz kurashish borasida mamlakatimizda ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2017-yil 2-fevraldagi PQ–2752-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-martdagi 62-sonli qarori korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim qadam boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida oʻtkazilgan davra suhbati “Jismoniy tarbiya va sport sohasida korrupsiyaning oldini olish – mavjud muammolar va ustuvor vazifalar” mavzusiga bagʻishlandi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddi rahbarlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi, Adliya, Ichki ishlar, Moliya vazirliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Antidoping milliy agentligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, “Ipoteka-bank” ATIB, mamlakatimiz sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yaxshi maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5368-son Farmoni bilan vazirlikning markaziy apparati tuzilmasida sport faoliyatini tashkil qilishda asoslilik, obyektivlik va shaffoflikni taʼminlash, shuningdek, korrupsiya va boshqa suiisteʼmolchilik holatlarini aniqlashga masʼul boʻlgan Jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasi tashkil etildi.

Bugungi kunda ushbu yoʻnalishda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini taʼminlash boʻyicha davlat idoralarida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida ham qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini taʼminlash, mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish, aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora koʻrish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idoraviy dasturi, Korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashishning Istanbul harakatlar rejasi doirasida monitoringning Toʻrtinchi raundi natijalari boʻyicha Oʻzbekistonga berilgan tavsiyalarning Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida bajarilishi yuzasidan yoʻl xaritasi, Jismoniy tarbiya va sport sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi boʻyicha indikator ishlab chiqildi hamda ijroga yoʻnaltirildi.

Davra suhbatida dastavval jismoniy tarbiya va sport sohasida korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb vazifalari Qashqadaryo viloyati misolida koʻrib chiqildi. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi Sirojiddin Odilov maʼruza qildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti misolida korrupsiyaga qarshi kurash masalalari boʻyicha universitet rektori, professor Mahmud Boltaboyev ham oʻz amaliy tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Tadbirda davlat xaridlarining asosiy prinsiplari – davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati, asoslanganlik, moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi va samaradorligi, ochiqlik va shaffoflik, tortishuv va xolislik, mutanosiblik, davlat xaridlari tizimining yagonaligi va yaxlitligi, korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik mavzusida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi boshqarma boshligʻi Nodir Musliddinov ham qisqacha maʼlumot berdi.

Xulosa qiladigan boʻlsak, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadlariga faqat jinoyat-huquqiy vositalar bilan erishib boʻlmasligini hayotning oʻzi koʻrsatib berdi. Bunday maʼnaviy buzilish holatlariga qarshi kurashishda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolar masʼuldir. Shunday ekan, davlat va jamiyat, shu bilan birga nodavlat notijorat tashkilotlari bu illatning oldini olish va unga qarshi kurashda birgalikdagi harakat qilsagina samarali natijalarga erishish mumkin.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
15.08.2020 | 17:42
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169