Shavkat Mirziyoyev Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi farmonga imzo chekdi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi farmonga imzo chekdi.

Quyida hujjatning toʼliq matni bilan tanishishingiz mumkin:

Oʼzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisida

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Soʼnggi yillarda xalqimizning salomatligi toʼgʼrisida gʼamxoʼrlik qilish, maʼnaviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, millionlar oʼyini boʼlgan va mamlakatimizda alohida oʼrin tutadigan sportning futbol turiga aholini, ayniqsa, yoshlarni keng jalb etish boʼyicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatimizda yuqori iqtidorga ega boʼlgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish (selektsiya) tizimi va futbol infratuzilmasini yanada rivojlantirish, futbol boʼyicha sport maktablari faoliyatini yangi bosqichga koʼtarish, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularni moddiy ragʼbatlantirish tizimini yaxshilash, oʼtkazilayotgan musobaqalar saviyasini yuksaltirish kabi masalalar dolzarb vazifalardan biri boʼlib qolmoqda.

Oʼzbekistonda futbolni aholi oʼrtasida eng ommaviy sport turiga aylantirish, yuqori iqtidorga ega boʼlgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yoʼlga qoʼyish, mamlakat futbolini rivojlangan mamlakatlar bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida futbol boʼyicha mutaxassislarni tayyorlash, futbol klublari faoliyatini rivojlantirish, terma jamoalar uchun oʼquv-mashq jarayonini samarali tashkil etish, mamlakatimizda futbol boʼyicha yirik xalqaro musobaqalar, jumladan, oʼsmirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari oʼrtasida jahon va qitʼa birinchiliklarini oʼtkazish maqsadida:

1. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʼzbekiston Milliy Olimpiya qoʼmitasi va Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasining quyidagilarni Oʼzbekiston Respublikasida professional futbolni rivojlantirishning asosiy yoʼnalishlari etib belgilash toʼgʼrisidagi taklifi maʼqullansin:

bolalar va oʼsmirlarning futbol bilan shugʼullanishga qiziqishini oshirish, havaskor futbolni ommaviylashtirish, bu borada umumtaʼlim maktablari, boshqa taʼlim muassasalari, mahalla va tashkilotlarda futbol boʼyicha musobaqalarni muntazam ravishda tashkil etish;

yuqori iqtidorga ega boʼlgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish (seleksiya) tizimini tubdan takomillashtirish, ularni bosqichma-bosqich professional tayyorgarlikdan oʼtkazib borish orqali futboli rivojlanayotgan davlatlarning yetakchi klublariga “futbolchilar eksporti”ni amalga oshirish tizimini yoʼlga qoʼyish;

futbol sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish va ularni ragʼbatlantirish, futbol sohasini bozor mexanizmlari asosida boshqarish, futbol klublarini xususiy sektorga oʼtkazish hamda ular orasida sogʼlom sport raqobati muhitini yaratish;

futbol musobaqalari tomoshabopligini oshirish hamda futbolni rivojlantirishning yangi tizimini samarali yoʼlga qoʼyish orqali “oʼzbek futboli” maktabini yaratish;

futbol sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga ilgʼor ilmiy-metodik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

futbol sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, futbol infratuzilmasini moddiy-texnik jihatdan yanada yaxshilash hamda xalqaro talablarga moslashtirish.

2. Quyidagilar:

Oʼzbekistonda professional futbolni rivojlantirish sxemasi

1-ilovaga muvofiq;

Oʼzbekistonda futbolni 2030-yilgacha rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi 2-ilovaga muvofiq;

Oʼzbekistonda futbolni 2030-yilgacha rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasini 2019-2020-yillarda amalga oshirish boʼyicha “Yoʼl xarita” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi, vazirlik va idoralar rahbarlarining “Yoʼl xarita”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʼz vaqtida, toʼliq va sifatli bajarish yuzasidan shaxsiy javobgarligi koʼrsatib oʼtilsin.

3. Oʼzbekistonda futbolni 2030-yilgacha rivojlantirishning maqsadli koʼrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq (keyingi oʼrinlarda – Maqsadli koʼrsatkichlar) tasdiqlansin va unda shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:

umumiy aholiga nisbatan futbol bilan muntazam shugʼullanuvchilar sonini kamida 5 foizgacha yetkazish orqali respublikada futbolning ommaviyligini taʼminlash;

Xalqaro Futbol Аssotsiatsiyalari Federatsiyasining milliy terma jamoalar reytingida Oʼzbekiston milliy terma jamoasining kuchli 50 talikka kirishiga erishish;

xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablari sonini bosqichma-bosqich oshirish;

Oʼzbekiston Respublikasida Xalqaro Futbol Аssotsiatsiyalari Federatsiyasi va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tasnifiga kiruvchi chempionatlar va rasmiy xalqaro turnirlarni tashkil qilish va oʼtkazish.

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Maqsadli koʼrsatkichlarga erishish, belgilangan chora-tadbirlarni oʼz vaqtida va samarali bajarish uchun masʼul boʼlgan vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyati muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.

4. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi va Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasining:

professional futbol klublari qoshidagi Oʼzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʼlari hisobidan moliyalashtiriladigan bolalar-oʼsmirlar futbol maktablari negizida Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi futbol mahorat maktablari (keyingi oʼrinlarda – futbol mahorat maktablari) hamda bolalar va oʼsmirlar sport maktablarini tashkil etish;

Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlarda aholi sonidan kelib chiqib, Oʼzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʼlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʼshimcha futbol mahorat maktablarini tashkil etish;

Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bolalar va oʼsmirlar futbol akademiyalarini futbol mahorat maktablari etib qayta tashkil etish va ularni Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga oʼtkazish;

ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari negizida olimpiya zaxiralari kollejlarini hamda ularga ajratilgan qabul kvotasi doirasida futbol boʼlimlarini tashkil etish va ularda futbol boʼyicha mutaxassislarni (sportchilardan tashqari) tayyorlash;

futbol mahorat maktablarining rahbarlari, trenerlari va boshqa xodimlariga olimpiya zaxiralari kollejlari uchun belgilangan mehnatga haq toʼlash va moddiy ragʼbatlantirish shartlarini qoʼllash;

futbol mahorat maktablarini tegishlicha hududiy professional futbol klublariga biriktirish;

2020/2021-oʼquv yilidan boshlab tegishli taʼlim muassasalarida futbol klublari, sport taʼlim muassasalari uchun sport shifokori, sport psixologi, sport farmakologi, sport huquqshunosi va sport dietologi yoʼnalishlari boʼyicha malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil qilish;

zamonaviy ilmiy yutuqlar va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda trener, selektsioner (skaut), tahlilchi, hakam, marketolog va futbol menejeri yoʼnalishlari boʼyicha yuqori malakali futbol mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida mahalliy hamda xorijiy mutaxassislarni keng jalb qilish orqali Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazini tashkil etish;

xalqaro tajribadan kelib chiqib, Xalqaro Futbol Аssotsiatsiyalari Federatsiyasi, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi talablariga muvofiq, 2021-yilgi futbol mavsumidan boshlab Superliga jamoalari oʼrtasidagi uchrashuvlarda adolat va shaffoflikni taʼminlash maqsadida VAR (Video Assistant Referee, video yordamchi hakam) tizimini joriy etish;

xalqaro talablardan kelib chiqib, salohiyati yuqori futbolchilarni professional darajada tayyorlash, ular xorijiy davlatlarning nufuzli futbol klublarida professional faoliyat olib borishini taʼminlash, shuningdek, futbolchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida futbol boʼyicha agentlar (vositachilar)ning faoliyatini tartibga solish va ularni akkreditatsiyadan oʼtkazish vakolatini Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasiga yuklash;

2021-yil 1-yanvardan boshlab xalqaro tajribadan kelib chiqib, sport sohasini, ayniqsa, futbolni yanada rivojlantirish, uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, qoʼshimcha mablagʼlarni jalb qilish maqsadida Oʼzbekiston Respublikasida bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berish;

Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Respublika bolalar va oʼsmirlar futbol akademiyasining tuzilmasiga qoʼshimcha ikkita seleksioner shtat birligini kiritish toʼgʼrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Oʼzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Bosh prokuratura, Аdliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar shaxslar tomonidan bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishni buzish, shuningdek, totalizator oʼynash, oʼyinga yoki uning natijasiga taʼsir oʼtkazish maqsadida kelishilgan oʼyinlar oʼtkazish, ularda ishtirok etish yuzasidan javobgarlikni belgilash boʼyicha Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga tegishli oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Belgilab qoʼyilsinki:

maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari va sport taʼlim muassasalarida futbol boʼyicha oʼquv, oʼquv-mashq, tarbiyalanuvchi va oʼquvchilarni saralab olish (selektsiya) hamda ularda musobaqalarni oʼtkazish tartibi Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan belgilanadi va muvofiqlashtirib boriladi;

futbol mahorat maktablari direktorlari va sport boʼyicha direktor oʼrinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasining taqdimnomasiga asosan Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

6. 2020-2025-yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi futbol mahorat maktablarini tashkil etish, ularda qurilish va rekonstruktsiya ishlarini amalga oshirish jadvali 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʼzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2020-yil va kelgusi yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan futbol mahorat maktablarini qurish va rekonstruktsiya qilish ishlari uchun markazlashgan kapital quyilmalar limitlari ajratilishini taʼminlasin.

Oʼzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi futbol mahorat maktablarini qurish va mavjudlarini rekonstruktsiya qilish boʼyicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʼtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʼrnatsin.

7. Belgilab qoʼyilsinki:

a) umumtaʼlim maktablari oʼrtasida:

har bir tuman (shahar)da doimiy ravishda yiliga kamida ikki marotaba “Maktablar futbol ligasi” musobaqalari oʼtkazib boriladi;

“Maktablar futbol ligasi” musobaqalari tuman (shahar) hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendarь rejalariga hamda Oʼzbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga ajratilgan mablagʼlar doirasida moliyalashtiriladi.

Bunda “Maktablar futbol ligasi” musobaqalarini oʼtkazish natijalari boʼyicha iqtidorli oʼquvchilar tuman (shahar) bolalar-oʼsmirlar sport maktablarining futbol boʼlinmalari hamda xususiy futbol maktablariga saralab olinadi (selektsiya);

b) tuman (shahar) bolalar-oʼsmirlar sport maktablari futbol boʼlinmalari va xususiy futbol maktablari oʼrtasida:

yosh toifasidan kelib chiqib belgilangan meʼyorlar asosida tuman (shahar), Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda respublika miqyosida “Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalari oʼtkazib boriladi;

“Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalari Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendarь rejalariga ajratilgan mablagʼlar doirasida moliyalashtiriladi.

Bunda “Sport maktablari futbol ligasi” musobaqalarini oʼtkazish natijalari boʼyicha futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalariga futbolchilar saralab olinadi (selektsiya);

v) futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari oʼrtasida:

yosh toifasidan kelib chiqib belgilangan meʼyorlar asosida “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari oʼtkazib boriladi;

“Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalarini oʼtkazish natijalari boʼyicha hududiy professional futbol klublariga futbolchilar saralab olinadi (selektsiya);

“Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalari Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendarь rejalariga ajratilgan mablagʼlar doirasida moliyalashtiriladi.

Bunda futbol mahorat maktablari, xususiy professional futbol maktablari va professional futbol klublari huzuridagi futbol akademiyalari futbolchilari respublika hamda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtirok etadi;

g) Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Respublika bolalar

va oʼsmirlar futbol akademiyasida futbol boʼyicha turli yosh toifasidagi terma jamoalar tayyorgarlik koʼradilar.

8. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat korxonalari va tashkilotlari tomonidan moliyalashtiriladigan professional futbol klublari ustav fondlaridagi davlat va davlat ulushi boʼlgan xoʼjalik jamiyatlari ulushlarini Oʼzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʼtkazish orqali xususiy investorlarga sotish toʼgʼrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

9. Oʼzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʼtkaziladigan professional futbol klublari ustav fondidagi davlat va davlat ulushi boʼlgan xoʼjalik jamiyatlarining ulushlari roʼyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qayd etilsinki:

professional futbol klublari ustav fondidagi davlat ulushi boʼlgan xoʼjalik jamiyatlari ulushlari Oʼzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga xoʼjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushi va xoʼjalik jamiyatlarining ulushlarini balans qiymatida kamaytirish hisobiga beriladi;

mazkur Farmonning 6-ilovasida koʼzda tutilgan professional futbol klublarining ustav fondidagi davlat ulushlari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʼtkazish boʼyicha davlat komissiyasining qaroriga asosan belgilangan tartibda sotiladi.

10. Professional futbol klublariga davlat korxonalari va davlat ulushi mavjud tashkilotlar tomonidan ajratilayotgan moliyaviy mablagʼlarning samarali foydalanilishi ustidan Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan monitoring oʼtkazish amaliyoti joriy qilinsin.

Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi:

monitoring natijalari yuzasidan davlat korxonalari va tashkilotlariga, shuningdek, yuqori turuvchi organlarga taklif va tavsiyalar kiritib borsin;

professional futbol klublaridagi sportchi va boshqa mutaxassislarni ragʼbatlantirish tizimi shaffofligini taʼminlash maqsadida ikki oy muddatda yagona tartibni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

11. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyati tegishli ravishda Qoraqalpogʼiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʼshimcha daromadlari hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.

12. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi, Sogʼliqni saqlash vazirligi, Oʼzbekiston Milliy Olimpiya qoʼmitasi, Toshkent viloyati hokimligi va Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasining 2020-2021-yillarda:

Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, Yangibozor qoʼrgʼoni hududida futbol boʼyicha milliy terma jamoalar uchun oʼquv-mashgʼulot markazini tashkil etish;

Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida funktsional diagnostika, sportchilarni sogʼlomlashtirish va reabilitatsiyasi uchun zamonaviy sport tibbiy markazini tashkil qilish va zarur tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlash toʼgʼrisidagi takliflari maʼqullansin.

Oʼzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda 2020-yilgi Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining markazlashgan kapital quyilmalar limitlari doirasida futbol boʼyicha milliy terma jamoalar uchun oʼquv-mashgʼulot markazini qurish ishlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur mablagʼlar ajratilishini taʼminlasin.

13. Oʼzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Аdliya vazirligi, Davlat soliq qoʼmitasi, Oʼzbekiston Milliy Olimpiya qoʼmitasi, Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʼliq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin va ularda shu jumladan quyidagilarni:

bukmekerlik faoliyatini litsenziyalash Oʼzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilishini;

bukmekerlik faoliyati bilan shugʼullanuvchi tadbirkorlik subʼektlari tomonidan telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan, Internet tarmogʼi provayderlarida xizmatlar koʼrsatilishini tartibga solishni;

bukmekerlik faoliyati bilan shugʼullanuvchi tadbirkorlik subʼektlari daromadlarining bir qismini sport turlari, shu jumladan, futbolni rivojlantirish uchun yoʼnaltirishni;

bukmekerlik faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish mexanizmlari joriy etilishini nazarda tutsin.

14. Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi futbol mahorat maktablari faoliyati bilan bogʼliq xarajatlar, shuningdek, ularni futboli rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan taʼminlash xarajatlari uchun zarur mablagʼlarni 2020-yilda Davlat budjetining “Madaniyat va sport” sohasiga ajratiladigan mablagʼlar doirasida ajratsin va 2021-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.

15. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2020-yil 1-fevralga qadar tegishli hududlarda stadion va futbol maydonlarini xatlovdan oʼtkazsin va xatlov natijasi boʼyicha egasi nomaʼlum stadion va futbol maydonlari qonunchilikda belgilangan tartibda joylardagi tuman (shahar) bolalar-oʼsmirlar sport maktablariga oʼtkazilishini taʼminlasin.

16. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritilsin.

17. Oʼzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Аdliya vazirligi, Oʼzbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʼzgartirish va qoʼshimchalar toʼgʼrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʼzbekiston Respublikasining Bosh vaziri А.N.Аripov, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi А.А.Аbduvaxitov va Oʼzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi А.А.Аzizov zimmasiga yuklansin.

Oʼzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                                                                        SH.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 4-dekabr

Saytning oxirgi yangilanishi:
24.11.2020 | 22:11
Onlayn maslahatchi
Давлат тили масаласи бўйича маслаҳатчига мурожаат

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169