O'zbekistonda sport rivojini yangi bosqichga olib chiqish uchun yana bir muhim hujjat muhokamaga qo'yildi

Oʻzbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi joylashtirildi.

Hujjatning toʻliq matni quyidagicha:

OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Respublikada oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʻyicha yuqori natijalarni taʼminlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish

va trenerlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati mavjud.

Mamlakatda yuksak madaniyatga ega boʻlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish maqsadida, aholining jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka va bilimlarini orttirishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya) jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etish maqsadida:

1. Quyidagilar jismoniy tarbiya va sport tizimini isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanayotgan aholining umumiy sonini 30 foizgacha, sport tashkilot va muassasalarida shugʻullanayotgan yoshlarning umumiy sonini 20 foizgacha oshirish;

davlat sport taʼlimi muassasalarida trener va mutaxassislarning sifat tarkibi, xususan oliy maʼlumotli xodimlar sonini bosqichma-bosqich

51 foizdan 100 foizgacha yetkazish;

joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof toʻrt bosqichli tizim (muassasa-tuman (shahar)-hudud-respublika) ishlab chiqish va joriy etish;

bolalar va oʻsmirlar sport maktablari oʻquvchi-sportchilari oʻrtasida “Bolalar olimpiya oʻyinlari”ni oʻtkazish orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash va yoshlar terma jamoalariga zaxira yaratish hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Talabalar spartakiadasi” sport musobaqasini tashkil etish natijasida talabalarni sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish;

aholining keng qatlami, jumladan umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari, oʻrta maxsus, shuningdek professional va oliy taʼlim muassasalari oʻquvchi va talabalari oʻrtasida jismoniy tarbiyani ommalashtirish, ular orasida iqtidorlilarini aniqlash maqsadida jismoniy tarbiya olimpiadalari va “Umumtaʼlim maktab sporti” festivali, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” koʻrik-tanlovini bosqichma-bosqich (tuman (shahar), hudud, respublika) oʻtkazish tizimini ishlab chiqish va jismoniy darajasi rivojlangan eng yaxshi umumtaʼlim maktab, professional va oliy taʼlim muassasasi nominatsiyasini joriy etish;

sport sohasini tijoratlashtirish, shu jumladan 2020-yildan boshlab sport sohasida “Tashkent Marathon” xalqaro marafoni, “Save Aral” xalqaro ekomarofoni, avtoralli va motokross sport musobaqalarini tizimli oʻtkazish orqali sport turizmini rivojlantirish;

yoshlarni boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish hamda beshta muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish yuzasidan kibersport turini tizimli rivojlantirish;

aholining barcha qatlamlari oʻrtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” jismoniy tayyorgarlik sinovlarini oʻtkazishni joriy etish;

sport turlari boʻyicha terma jamoalar sportchilari uchun ilmiy-kompleks laboratoriyalar tashkil etish, tayyorgarlik jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda sport sohasida samarali tibbiy va farmakologik taʼminotni yoʻlga qoʻyish;

sport turlari boʻyicha 18 yoshgacha boʻlgan hududiy terma jamoa aʼzolarini hududiy bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining oʻsmirlar boʻlimlarida va undan katta yoshdagi hududiy terma jamoa aʼzolarini tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda muntazam ravishda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazib borish mexanizmini joriy etish hamda kelajakda ular negizida sport tibbiyot markazlarini tashkil etish;

2020-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich olimpiya sport turlari boʻyicha respublika sport musobaqalarida doping-test namunalarini olish hamda respublika va xalqaro darajadagi sport musobaqalarida sportchilarni sugʻurtalash tizimini joriy etish;

hududlarda qishki Olimpiya sport turlari infratuzilmasini yaratish, ushbu sport turlarini ommaviylashtirish orqali professional sportchilarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish;

Oʻzbekiston sport delegatsiyalarini nufuzli sport musobaqalariga tizimli tayyorlash boʻyicha Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanida

Olimpiya tayyorgarlik markazini tashkil etish;

xorijlik sportchi va muxlislarni keng jalb qilish hamda sport infratuzilmasidan samarali foydalanish maqsadida “xospitaliti xizmatlari”ni yoʻlga qoʻyish va “Sport Visa” tizimini joriy etish;

sport sohasida xususiy sektor ulushini oshirish, shu jumladan sport tashkilotlarida davlat ulushini kamaytirish boʻyicha zarur choralar belgilash;

sport sohasida bukmekerlik faoliyatini legallashtirish va sport lotereyalarini tashkil etish orqali sportni qoʻshimcha moliyalashtirish tizimini kengaytirish;

huquqni muhofaza qilish organlari va qurolli kuchlar tizimidagi taʼlim muassasalari, jumladan, “Temurbeklar maktabi” oʻquvchi-talabalari uchun “Armiya oʻyinlari” dasturiga kiritilgan sport turlari boʻyicha fakultativ mashgʻulotlar va toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, sport inshootlari va muassasalarini boshqaruv tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jumladan “Mening Sportim” tizimi orqali sport inshootlarini telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini taʼminlash;

milliy sport turlarini rivojlantirish va ommaviyligini oshirish,

shu jumladan, milliy sport turlarini Osiyo va Olimpiya oʻyinlari dasturlariga kiritish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

har yili 20-dekabrga qadar kelgusi yil uchun sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasi sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar) taqdimnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan shakllantiriladi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

respublika kalendar rejasiga asosan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining hududiy hamda tuman (shahar) kalendar rejalari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan

25-dekabrga qadar tasdiqlanadi;

sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika, hududiy va tuman (shahar) kalendar rejalari uchun zarur mablagʻlar, shu jumladan Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, sport turlari federatsiyalari (uyushmalari) va boshqa turdagi xarajatlarini davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish yillik dasturi har yili 1-aprelga qadar Moliya vazirligi tomonidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ajratiladi;

Jismoniy tarbiya va sport vazirligining markaziy apparati tuzilmasidagi jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring negizida Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi tashkil etiladi;

ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari biriktirilgan hududlarida,

shu jumladan mahalla fuqarolar yigʻinlarida aholini, ayniqsa yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish boʻyicha masʼul etib belgilanadi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda sportni moliyalashtirish yillik dasturini ishlab chiqishda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining yillik xarajatlar smetasida quyidagilarni nazarda tutsin:

respublika kalendar rejasiga kiritilgan xalqaro va ommaviy sport tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq asoslangan xarajatlarni;

Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga sportchilarni tayyorlash, jumladan, sportchilarni energiya zahirasini qoplash, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida yuksak natija koʻrsatgan sportchilarga umrbod toʻlovlar, milliy terma jamoalar aʼzolarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, sugʻurtalash, sportchilarni taqdirlash bilan bogʻliq va boshqa xarajatlarni;

hududiy hamda tuman (shahar) kalendar rejalariga kiritilgan sport

va ommaviy sport tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni;

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining va sport turlari federatsiyalari (uyushmalari), shu jumladan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni;

jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari, binolari

va maydonlarini zamonaviy inventarlar bilan taʼminlash xarajatlari.

4. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2020-yilda amalga oshirish boʻyicha

“Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;

respublikadagi tuman (shahar)larni ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan sport turlariga ixtisoslashtirish jadvali 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Konsepsiyada nazarda tutilgan maqsadli koʻrsatkichlar va asosiy yoʻnalishlar har yili Jismoniy tarbiya va sport vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga asosan, shuningdek, ushbu tadbirlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan “Yoʻl xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

5. Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari:

jismoniy tarbiya va sport muassasalari hamda inshootlarini qoʻllab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasining byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjeti, tuman (shahar) byudjetlari qoʻshimcha daromadlari hisobidan zarur mablagʻlarini daromadlarining aniqlanadigan prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan 10 foizgacha mablagʻlarni hududiy sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirish;

respublika sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan birgalikda tuman (shahar) hamda oliy taʼlim muassasalarini sport turlari boʻyicha sport ixtisoslashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun zarur sharoit yaratish, shuningdek “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sinovlarini oʻtkazish, aholi va yoshlar oʻrtasida bu borada olib borilayotgan ishlar samaradorligini har chorakda muhokama etib borish;

hududida jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish hamda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport tashkilotlaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha maʼsul hisoblanadi.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik, idoralar, oʻz tasarrufida boʻlgan yoki hududida joylashgan ochiq sport inshootlari (stadion, futbol va sport maydonlari) hamda istirohat bogʻlarida (tadbirkorlik subyektlariga tegishli inshootlar bundan mustano) aholi jismoniy tarbiya (yugurish, yurish va badantarbiya) bilan bepul shugʻullanishi uchun sharoit yaratish.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda aholini jismoniy tarbiya bilan bepul shugʻullanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar ustidan tizimli monitoring olib borsin va har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga maʼlumot kiritib borsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligining taʼlim muassasalarining sport inshoatlarini, ularda rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash boʻyicha investitsiya majburiyatini olgan holda, oʻquv mashgʻulotlaridan boʻsh vaqtda tadbirkorlik subyektlariga foydalanishga berish haqida takliflari maʼqullansin.

8. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining byudjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami mablagʻlarini shakllantirishning quyidagi qoʻshimcha manbalari etib belgilansin:

yuridik shaxslar tomonidan lotereyalar tashkil etishdan tushgan mablagʻlarning 10 foizi;

2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 100 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar.

9. Sportchi yoshlarni saralash va katta sportga iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya), sport zaxirasini shakllantirish tizimini yoʻlga qoʻyish, yoshlar orasida sportni ommalashtirish, bu sohada yuqori natijalarga erishishda shunday tartib oʻrnatilsinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab hududlarning oʻziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumtaʼlim maktablari hamda oliy taʼlim muassasalari kamida bittadan ustuvor, istiqboldagi, rivojlanayotgan,

shu jumladan milliy sport turlariga ixtisoslashtiriladi.

10. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalari) bilan birgalikda hududlarda ixtisoslashtirilgan tuman (shahar), umumtaʼlim maktablari hamda oliy taʼlim muassasalarining sport infratuzilmasini rivojlantirishda zaruriy oʻquv adabiyotlar, metodik qoʻllanmalar va yoʻriqnomalar bilan taʼminlash boʻyicha aniq choralar koʻrilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi:

sport taʼlimi muassasalariga sport diyetologi, sport psixologi, sport farmakologi, massajchi lavozimlarini mavjud shtatlar doirasida joriy etish hamda muassasalarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda mavjud trener shtat birliklarini seleksiya boʻyicha trener lavozimiga oʻzgartirish;

respublika oliy sport mahorati maktablarida mavjud trener shtat birliklari doirasida har bir sport turi boʻyicha Bosh trener-seleksioner lavozimlarini joriy etish va ular tomonidan sport maktablariga jalb qilingan sportchilar respublika va nufuzli xalqaro sport musobaqalarida

gʻolib boʻlganligi (1-3 oʻrin) uchun uning bazaviy tarif stavkasi miqdorining uch baravar miqdorda ragʻbatlantirish;

muassasalarning xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida sport tayyorgarligidan oʻtayotgan oʻquvchi-sportchining sportdagi natijalari yaxshilanganda va u boshqa yuqori darajadagi sport taʼlimi muassasasiga oʻtkazilganda, uni tayyorlagan trenerga bir oylik ish haqi miqdorida bir martalik mukofot puli toʻlash;

barcha turdagi davlat sport maktablarida oʻquv rejasini maqbullashtirish hisobiga trenerlarning haftalik oʻquv yuklamasini 24 akademik soat etib belgilash;

sport maktablari erishgan natijalarga koʻra olimpiya zaxiralari ixtisoslashgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi maqomini qayta koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligining 2020-yil 1-yanvardan boshlab sport sohasidagi yutuqlarni munosib ravishda ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan jismoniy tarbiya fan olimpiadasining respublika bosqichida 1 – 3-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilarni tayyorlagan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini bir martalik pul mukofotlari (1-oʻrin uchun – mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 18 baravari, 2-oʻrin uchun – 12 baravari, 3-oʻrin uchun – 10 baravari) bilan taqdirlash;

b) “Bolalar olimpiya oʻyinlari”ning jamoaviy oʻyin turlari boʻyicha:

respublika bosqichi gʻoliblariga (1 oʻrin) oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida sport soxasi boʻyicha mutaxassislik fanlaridan maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilish;

gʻoliblarni tayyorlagan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan tegishliligi boʻyicha respublika, xududiy, tuman(shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan taqdirlash:

tuman (shahar) bosqichida – 1 oʻrin uchun – 3 baravari, 2 oʻrin uchun –

2 baravari, 3 oʻrin uchun – 1 baravari;

viloyat bosqichida – 1 oʻrin uchun – 4 baravari, 2 oʻrin uchun – 3 baravari,

3 oʻrin uchun – 2 baravari;

respublika bosqichida -1 oʻrin uchun – 6 baravari, 2 oʻrin uchun –

4 baravari, 3 oʻrin uchun – 3 baravari;

v) umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan jismoniy tarbiya fan olimpiadasi va “Bolalar olimpiya oʻyinlari”ning gʻolib va sovrindorlarini tayyorlagan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, sport taʼlim muassasalarining trenerlari attestatsiyaga jalb etilmasdan ularga toʻgʻridan-toʻgʻri malaka toifalari (tuman (shahar) bosqichi gʻolibini tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi, viloyat bosqichi gʻolibini tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi, respublika va xalqaro musobaqalar gʻolibini tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi) berish;

g) respublika (1-oʻrin) va xalqaro musobaqalarda (Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, jahon chempionatida va Osiyo chempionatida 1 – 3-oʻrinlar) gʻolib chiqqan oliy taʼlim muassasalari talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi kafedralar oʻqituvchilariga navbatdagi ilmiy unvonlarni (dotsent, professor) toʻgʻridan-toʻgʻri berish.

13. 2020-yildan boshlab 5-mart kuni “Sport kuni” deb eʼlon qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimliklari, mutasaddi vazirlik, idora, xoʻjalik birlashmalari va tashkilotlar turli ommaviy tadbirlar, sport musobaqalar, festivallar, marafonlar va boshqa tadbirlarni mos tarzda, tantanali ravishda oʻtkazishni taʼminlasinlar.

Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga “Sport kuni”ni nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Davlat soliq qoʻmitasi sport sohasida bukmekerlik faoliyatini legallashtirish va sport lotereyalarini tashkil etish orqali sportni qoʻshimcha moliyalashtirish tizimini kengaytirish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligining Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Termiz filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda, Surxondaryo viloyati hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikki oy muddatda Termiz tumani Yangi hayot mahallasida joylashgan Xalqobod transport va xizmat koʻrsatish kasb-hunar kolleji bino, inshootlari hamda unga tutash hududini Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Termiz filialiga operativ boshqaruv huquqi bilan oʻtkazib berilishi taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Termiz filialini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent shahar hokimligining Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabining Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Yalongʻoch dahasida joylashgan “Umid” sport sogʻlomlashtirish majmuasini bino, inshootlari Sport oʻyinlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi balansiga oʻtkazish taklifi maʼqullansin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda 2020/2021 oʻquv yiliga qadar jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarining davlat taʼlim standartlari, malaka talablari va fan dasturlarini takomillashtirsin hamda bitiruvchilarga jismoniy tarbiya oʻqituvchisi va ixtisoslashgan sport turi boʻyicha trener kvalifikatsiyasini berish amaliyotini joriy etsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida yagona elektron boshqaruv tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, davlat byudjetidan sport sohasi uchun, shuningdek, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika va hududiy kalendar rejalari uchun ajratiladigan mablagʻlarni taqsimlanishi va ishlatilishini toʻliq nazoratini amalga oshirish, ularning hisobotlarini shakllantirish, sport muassasalarining byudjetdan tashqari mablagʻlar tushumini nazorat qilish va ishlatilishi shaffofligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi markaziy apparati tuzilmasi va hududiy boshqarmalari tuzilmasiga qoʻshimcha 114 ta boshqaruv xodimi shtat birliklari kiritilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziriga vazirlikning markaziy apparati, hududiy boshqarma va tuman (shahar) boʻlinmalari xodimlarining cheklangan soniga umumiy tizimdagi xodimlari soni doirasida oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tadbirkorlik subyektlari tomonidan respublikaning barcha tumanlarida sport inshootlarini barpo etish uchun Hukumat kafolati ostida halqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning imtiyozli kredit mablagʻlarini jalb qilsin.

21. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimovga – Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni ijro etish yuzasidan masʼul vazirliklar va idoralar faoliyatini samarali tashkil qilish va oʻzaro hamkorlik qilish, “Yoʻl xaritasi” bajarilishi yuzasidan oʻtkazilgan monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar

va Toshkent shahar hokimlari, masʼul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga - Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarish;

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.H. Nabiyevga - Konsepsiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga erishilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini keng yoritish boʻyicha chiqishlar hamda mavzuga oid koʻrsatuvlar tashkil etsin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga

4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 5-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

25. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.26. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                                                                                                           Sh.Mirziyoyev

Saytning oxirgi yangilanishi:
12.08.2020 | 18:58
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169