Qoʻllab-quvvatlash guruhi va dzyudochilarimiz ishtirokida madaniy tadbir tashkil etildi

Tokio-2020 Olimpiadasiga tayyorgarlik koʻrayotgan terma jamoamiz vakillarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda turli madaniy tadbirlar tashkil etmoqda.

Bundan avval kamondan otish va karate boʻyicha terma jamoamiz vakillariga ana shunday madaniy tadbir oʻtkazilgan edi. bu safar esa bunday tadbir dzyudochilarimiz uchun tashkillashtirildi. Sport faxriylari, jurnalistlar va taniqli sanʼat arboblaridan tuzilgan Qoʻllab-quvvatlash guruhi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi binosida toʻplanishdi. Shundan soʻng ishtirokchilar va terma jamoamiz vakillari “Ichan qalʼa” mehmonxonasiga yoʻl olishdi.

“Ichan qalʼa” mehmonxonasida tadbirning badiiy qismi boʻlib oʻtdi. Dastur avvalida MOQ vitse-prezidenti, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi rahbari Azizjon Kamilov, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev soʻzga chiqib, sportchilarimizga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirib oʻtishdi.

“Assalomu alaykum, qadrli mehmonlar, sportimiz fidoiylari, sportchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari! Sizlar bilan koʻrishib turganimizdan xursandmiz.Toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasi – Tokio-2020 Olimpiadasi boshlanishiga ham tobora oz fursat qolmoqda. Hozirda butun dunyo sportchilari ana shu katta sport musobaqasida qatnashish huquqini beruvchi litsenziyalar uchun kurashga kirishgan. Tabiiyki, ular qatorida oʻzbekistonlik sportchilar ham bor. Albatta, bu kurash oson boʻlmaydi. Chunki, Olimpiadada qatnashish har bir sportchining oliy orzusi hisoblanadi. Bugun siz-u bizning bu yerga jam boʻlishimizga ham aynan Olimpiada sabab boʻldi. Oldinda Tokio Olimpiadasiga muhim reyting ochkolarini taqdim etuvchi reyting musobaqalari yetarli. Oʻylaymizki, dzyudochilarimiz boʻlajak “Gran-pri”, “Katta Dubulgʻa” va “Masters” turnirlarida Olimpiada litsenziyalariga yoʻl ochuvchi muhim reyting ochkolarini qoʻlga kiritishadi”-deydi Azizjon Kamilov.

Sportga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan ruhlangan sportchilar ham oʻz taʼsurotlarini aytib oʻtishdi. Jumladan, jahon chempionati sovrindori Sharofiddin Lutfullayev tadbir davomida tashkilotchilarga sportchilar nomidan oʻz minnatdorchiligini bildirib oʻtdi:

“Biz sportchilarning kamtarona natijalarimizni yuksak baholayotgan hukumatimizga alohida tashakkur aytib oʻtmoqchiman. Muhtaram Yurtboshimizning bizlarga koʻrsatayotgan eʼtiborlarini biz his qilib turibmiz. Nasib qilsa, bu gʻamxoʻrliklarga kelasi yil Tokioda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlarida oltin medallar bilan javob qaytaramiz”-deydi Sharofiddin Lutfullayev.

Tadbirda Rishod Sobirov va Abdullo Tangriyev kabi nomdor dzyudochilar, shuningdek, yurtimizda mehmon boʻlib turgan Afina-2004 Olimpiadasi gʻolibi gretsiyalik Ilias Iliadis ham soʻz olib, bugungi kunda oʻzbek dzyudosining rivojlanib borayotganini taʼkidlab oʻtishdi.

Shundan soʻng oʻzbek estradasining yorqin yulduzlari Ziyoda, Tohir Sodiqov va taniqli soʻz ustasi Shukurullo Isroilov oʻz chiqishlari bilan tadbir ishtirokchilariga quvonch hamda yaxshi kayfiyat ulashishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
13.12.2019 | 13:26
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169