Dzyudochilarimiz Toshkent Gran-prisiga tayyor(mi?)

Xabar berganimizdek, 20-22-sentabr kunlari poytaxtimizda dzyudo boʻyicha Gran-pri hamda 23-24-sentabr kunlari esa paradzyudo boʻyicha IBSA Gran-pri musobaqalari boʻlib oʻtadi. Ushbu musobaqalarga koʻp tarmoqli “Humo arena” muz saroyi mezbonlik qiladi.

Bugun Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasida ushbu musobaqalar oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda MOQ vitse-prezidenti, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Oʻzbekiston milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi rahbari Muxtorxon Toshxodjayev, dzyudo boʻyicha milliy terma jamoa bosh murabbiyi Farhod Toʻrayev, paradzyudo boʻyicha terma jamoa ustozi Shamsiddin Sayidov, terma jamoamizning yetakchi sportchilari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, 20-22-sentabr kunlari oʻtkaziladigan dzyudo boʻyicha Toshkent Gran-prisi Tokio-2020 olimpiada oʻyinlariga qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadi. Shu bois unga boʻlgan qiziqish har qachongidan yuqori. Bu safargi musobaqada dunyoning 70 dan ortiq davlatidan jami 467 nafar eng sara dzyudochilar gʻoliblik uchun bellashadi. Bu galgi Toshkent Gran-prisining yana bir ahamiyatli jihati, u ilk marotaba muhtasham, xalqaro talablarga toʻla javob beradigan muhtasham “Humo arena” muz saroyida tashkil etilmoqda. Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi rahbari bu jihatga ham alohida eʼtibor qaratdi.

“Avvalo, Toshkent Gran-prisining ilk marotaba “Humo arena” singari muhtasham sport majmuasida oʻtkazilishi uchun sharoit yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildirmoqchiman. Barchamiz katta sport tadbiri arafasida turibmiz. Umid qilaman, olib borilgan tayyorgarliklarimiz natijasi ushbu musobaqada namoyon boʻladi. Bizda har bir vazn toifasida juda kuchli raqobat bor va nomzodlarni tanlab olishda ham qator istiqbolli rejalarni ishlab chiqdik. Masalan, Gran-priga yoshlar va oʻsmirlar terma jamoasidan ham nomzodlar jalb qilingan. Bu esa ularni kelajakda katta musobaqalar havosini olishida muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent Gran-prisi gʻolibi 700 reyting ochkosiga ega boʻladi. Kumush medal sohiblari 490, bronza medali egalari esa 350 reyting ochkosini qoʻlga kiritadi. Tokio-2020 olimpiadasiga reyting ochkolarini yigʻish toʻxtatiladigan muddatgacha, yaʼni kelgusi yilning may oyi oxiriga qadar 13 ta mana shunday reyting turnirlarida qatnashishni rejalashtirganmiz”, – dedi Azizjon Kamilov.

Yana bir gap, mamlakat dzyudo federatsiyasi rahbarining taʼkidlashicha, yaqinda boʻlib oʻtgan jahon chempionati bellashuvlari va unda polvonlarimizning ishtiroki mashgʻulotlar jarayonidagi kamchiliklarni koʻrsatib berdi. Shu bois ayni paytda federatsiya rahbariyati Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyligiga xorijdan, katta ehtimol bilan yapon mutaxassisini jalb etish borasida amaliy harakatlarni boshlab yuborgan. A.Kamilovning fikriga koʻra, oxirgi 2-3 yilda bir qator davlatlar, xususan qoʻshni Qirgʻiziston dzyudo sportida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Ularning bu yutuqlarida mamlakat terma jamoalarida yapon mutaxassislari faoliyat olib borishayotgani muhim faktor vazifasini oʻtab bermoqda. Shularni inobatga olgan holda Oʻzbekiston dzyudo terma jamoasiga ham katta ehtimol bilan xorijlik mutaxassis jalb etiladi.

Darvoqe, Toshkent Gran-prisida Oʻzbekiston terma jamoasi jami 50 nafar sportchi bilan ishtirok etadigan boʻldi. Shulardan 28 nafarini erkaklar, 22 nafarini esa ayollar tashkil qiladi.

23-24-sentabr kunlari oʻtkaziladigan paradzyudo boʻyicha IBSA Gran-prisida ham terma jamoamiz eng kuchli tarkib bilan ishtirok etadi. Oʻzbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi rahbari Muxtorxon Toshxodjayevning maʼlum qilishicha, musobaqada shu kunga qadar dunyoning 35 davlatidan 200 nafardan ortiq sportchi qatnashish istagini bildirgan. Unda erkaklarimiz 7, ayollar esa 6 ta vazn toifasida oʻzaro bellashadi.

Aytgancha, tashkilotchilar tomonidan muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida Gran-pri musobaqalariga kirish bepul qilib belgilangan. Musobaqalarning tantanali ochilish marosimi esa 21-sentabr kuni soat 16:00da boshlanadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
13.12.2019 | 13:26
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169