“Charm toʻp-2019”: koʻchma kubokning dastlabki sohibi poytaxt yoshlari boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida yurtimiz mahallalarida istiqomat qilayotgan 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlardan iborat jamoalar oʻrtasida oʻtkazilgan “Charm toʻp-2019” anʼanaviy futbol musobaqasi ham nihoyat yakunlandi.

Bugun mamlakatimizning bosh arenasi – “Milliy” stadionda oʻtkazilgan hal qiluvchi final oʻyinida Toshkent shahrining “Iqbol” hamda Navoiy viloyati Navbahor tumanining “Kelachi” jamoalari gʻoliblik uchun bahs olib borishdi. Ilk bora tashkil etilgan “Charm toʻp-2019” anʼanaviy futbol musobaqasida dastlab 3-oʻrin egasi aniqlandi. Qashqadaryo viloyatining “Oqqamish” hamda Namangan viloyatining “Navkent” jamoalari oʻrtasidagi bahsda avvaliga vohalik yoshlar 2-0 hisobida oldinga chiqib olishgan edi. Ammo, “Navkent” jamoasi aʼzolari gʻalabaga boʻlgan irodasini namoyon etdi va yakunda 3-2 hisobida gʻalaba qozongan holda musobaqaning bronza medaliga sazovor boʻldi.

Final oʻyini oldidan kichik sahnalashtirilgan koʻrinish namoyish etildi. Maydonga karnay-surnay sadolari ostida doirachilar, ularning ortidan raqqosalar kirib kelishdi. Soʻngra maydonga “Charm toʻp-2019” anʼanaviy futbol musobaqasining Respublika bosqichiga yetib kelgan barcha ishtirokchi jamoalar taklif etildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Aziz Abduhakimov soʻzga chiqdi.

- Keksa va oʻrta avlod vakillari oʻtgan asrda havaskorlar oʻrtasida “Charm toʻp” musobaqalari zoʻr muvaffaqiyat bilan oʻtkazilgani va unda koʻplab iqtidorli yoshlar kashfiyotga aylanib, keyinchalik professional futbolda ham ulkan gʻalabalarga erishganligini juda yaxshi eslashadi. Yoshlar oʻrtasida “Charm toʻp” anʼanaviy futbol musobaqalarini qayta tiklashdan koʻzlangan maqsad, avvalo yurtimizning chekka hududlari, mahallalardan iqtidorli yoshlarni saralash, ularga oʻz isteʼdodini namoyon etishlariga koʻmaklashishdan iborat. Final oʻyini aynan “Milliy” stadionda oʻtkazilishida ham ramziy maʼno bor. Zero, mamlakatimizning eng nufuzli sport arenalaridan biri “Milliy” stadionda toʻp tepishni yoshlarimiz orzu qiladi. “Charm toʻp” musobaqasi esa ularga ana shu orzusi ruyobini koʻrish yoʻlida koʻmakchi vazifasini oʻtab beradi, - dedi Aziz Abduhakimov.

Ilk bora tashkil etilgan musobaqa gʻolibiga atalgan koʻchma kubokni maydonga oʻzbek futboli afsonalari Birodar Abduraimov hamda Toʻlagan Isoqovlar olib chiqishdi va aynan ular final uchrashuvining ramziy toʻpini ham tepib berishdi.

Mamlakatimiz iftixori, dunyoning eng yaxshi hakamlaridan biri, FIFA referisi Ravshan Ermatov boshqargan oʻyinning asosiy vaqtida hisob ochilmagach, gʻolibni aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. Oʻziga xos “omad lotoreyasi”da poytaxtlik yoshlarning qoʻli baland keldi – 2:4.

Shu tariqa, “Charm toʻp-2019” anʼanaviy futbol musobaqasining ilk gʻolibi Toshkent shahri Bektemir tumanining “Iqbol” jamoasi boʻldi.

Musobaqa gʻoliblari va ishtirokchi jamoalarni taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Kasimov, vazir oʻrinbosari Sharif Moʻminjonov, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov va boshqalar ishtirok etdi.

Gʻolib va sovrindorlarga oltin, kumush va bronza medallari, shuningdek I-, II- va III-darajali diplomlar topshirildi. Gʻolib jamoa esa koʻchma kubok bilan ham taqdirlandi.

Shuningdek, turli nominatsiyalar boʻyicha ham eng yaxshilar aniqlanib, qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlanishdi.

“Eng yaxshi darvozabon” – Bekzod Amanullayev (“Iqbol”, Toshkent sh.)

“Eng yaxshi himoyachi” – Zuhriddin Murodillayev (“Kelachi”, Navoiy)

“Eng yaxshi yarim himoyachi” – Shuhrat Isganov (“Navkent”, Namangan)

“Eng yaxshi hujumchi” – Sanjar Aliqulov (“Yettiguzar”, Sirdaryo)

“Eng yaxshi futbolchi” – Sunnatilla Toshpoʻlatov (“Kelachi”, Navoiy)

“Eng yaxshi murabbiy” – Ahmadjon Xolmirzayev (“Navkent”, Namangan)

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
20.10.2019 | 17:52
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169