Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi yigʻilish bayoniga asosan mamlakatimizda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan mahalla yoshlari oʻrtasida “Charm toʻp” anʼanaviy futbol musobaqasini oʻtkazish belgilangan edi. Shu kunlarda mazkur musobaqaning uchinchi bosqich musobaqalari oʻtkazilmoqda.
“Charm toʻp” musobaqalari jami toʻrt bosqichda oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, ayni paytgacha mahalla va tuman bosqichlari yakuniga yetgan. Shu kunlarda barcha hududlarda mazkur musobaqaning uchinchi, yaʼni shahar va viloyat bosqichlari qizgʻin davom etmoqda.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida hozirda jami 508ta mahalla mavjud boʻlib, ikkinchi bosqichga ulardan 118tasi yetib keldi.
Bugun gʻolibi aniqlangan shahar bosqichida esa quyidagi jamoalar oʻzaro kurash olib borishdi: “Iqbol” (Bektemir tumani), Furqat (Mirobod tumani), Ahmad Yugnakiy (Mirzo Ulugʻbek tumani), “Chil Toʻgʻon” (Olmazor tumani), “Xonobod” (Sergeli tumani), “Istirohat” (Uchtepa tumani), “Novza” (Chilonzor tumani), “Chorsu” (Shayxontohur tumani), Yunus Rajabiy (Yakkasaroy tumani), “Otchopar” (Yunusobod tumani), “Barkamol” (Yashnobod tumani).
Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar yakuniga koʻra yarim finalga “Iqbol”, “Otchopar”, “Chil Toʻgʻon” hamda “Novza” mahallalari jamoalari yetib kelishdi. Final yoʻllanmasi uchun kechgan kurashda “Iqbol” va “Otchopar” mahallasi yoshlariga omad kulib boqdi va ular finalda bahs olib boradigan boʻlishdi.
Olmazor tumanidagi 2-sonli bolalar va oʻsmirlar maktabida tashkil etilgan final oʻyini oʻz nomiga munosib, shiddatli va keskin kurashlarga boy tarzda kechdi. Hal qiluvchi oʻyinda 2:1 hisobida zafar quchgan Bektemir tumani yoshlari Poytaxt chempionligini va Respublika bosqichi yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.
Gʻolib va sovrindorlar Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, Toshkent shahar futbol assosiatsiyasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan oltin, kumush va bronza medallari, diplomlar bilan bir qatorda tashkilotchilarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi himoyachi”, “Eng yaxshi hujumchi”, “Eng yaxshi toʻpurar” hamda “Namunali jamoa” nominatsiyalari boʻyicha ham gʻolib boʻlganlar OʻFA Futbol faxriylari kengashi raisi Narimon Jalolov va taniqli sport sharhlovchisi Axbor Imomxoʻjayev tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlandi.
Darvoqe, “Iqbol” jamoasi “Charm toʻp” anʼanaviy futbol musobaqasining yakuniy Respublika bosqichiga chiqqan dastlabki jamoaga aylandi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha HARAKATLAR STRATEGIYASI
Sport sohasida yangiliklardan xabardor bo‘lishni xohlaysizmi?
Elektron pochtangizni kiriting va bizning yangiliklarimiz hamda foydali maslahatlarimizga to'g'ridan to'g'ri saytimiz orqali obuna bo'ling:
09.12.2019 | 21:29