Oʻzbekistonda Markaziy Osiyoda muqobili yoʻq Sport reabilitatsiya markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda



Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan yurtimizda yoshlarni erta davrdan boshlab ularning fiziologik va psixologik imkoniyatlaridan kelib chiqib sport turlariga yoʻnaltirish, sportchilarni tanlab olish va baholash boʻyicha ishonchli tizimni joriy etish, qolaversa, sportni fan sifatida oʻrganish tizimini yaratishga imkon beruvchi Sport reabilitatsiya markazi faoliyati yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

 

Vazirlik tomonidan bu borada rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribalari tahlil qilinib, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari oʻrganildi.

 

Shu yilning fevral oyida ishchi tashrif bilan Xitoyda boʻlgan vazirlik delegatsiyasi Oʻzbekistonda Sport reabilitatsiya markazini tashkil etish boʻyicha muzokaralar oʻtkazib, xitoylik mutaxassislar tomonidan yurtimizda mavjud sharoit va imkoniyatlar oʻrganildi. Ikkala tomon ushbu markazni tashkil etish boʻyicha hamkorlikda loyiha ishlab chiqishdi.

 

Kecha, 26-aprel kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Xitoy Xalq Respublikasining “AVIC INTL” kompaniyasi direktori oʻrinbosari Qin Vei boshchiligidagi delegatsiya bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda Sport reabilitatsiya markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

 

Xorijiy loyiha injenering kompaniyasi vakillari Sport reabilitatsiya markazi vazifalari va imkoniyatlari haqida vazirlik masʼullariga taqdimot oʻtkazishdi.

 

Xalqaro talablarga javob beradigan ushbu markazning tashkil etilishi yoshlarni erta davrdan boshlab ularning fiziologik va psixologik imkoniyatlaridan kelib chiqib sport turlariga yoʻnaltirish, sportchilarni tanlab olish va baholash boʻyicha ishonchli tizim yaratish imkonini beradi. Bu esa oʻz navbatida sportdagi natijalarimizning sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi.

 

Bundan tashqari Markazda jarohat olgan sportchilarimizning qayta tiklanishlari uchun jahon talablariga javob beradigan sharoitlar yaratiladi.

 

Tadbirda shuningdek, markaz joylashadigan hudud masalasi ham muhokama qilinib, taklif etilgan inshootlar orasidan Chirchiq shahrida joylashgan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududi ancha qulay ekanligi taʼkidlandi.

 

Respublikaning toʻrtta hududida Markaz filiallarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

 

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev mehmonlarga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirar ekan, shunday dedi:

 

“Shu kabi markaz faoliyati bilan yurtingizga qilgan xizmat safarimiz davomida tanishib, oʻzimizda ham shunday zamonaviy markaz faoliyatini tashkil qilishni rejalashtirgan edik. Qisqa davrda ushbu yoʻnalishdagi ishlarimizda amaliy harakatlar boshlangani ham oʻzaro ishonchli hamkorlikning yaqqol ifodasi deb bilamiz. Yangi markaz faoliyatini tez va samarali yoʻlga qoʻyish uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz”.

 

Markaz tashkil etilishi bir necha bosqichda amalga oshirilib, dastlab sport reabilitatsiya, jismoniy tayyorgarlik, ommaviy salomatlikni nazorat qilish, yosh iqtidorlarni seleksiya qilish markazlari va oʻquv platformasi auditoriyasi yaratiladi.

 

Keyingi bosqichlarda esa sportni fan sohasida rivojlantirishga qaratilgan bir qancha laboratoriyalar va ixtisoslashgan markazlarni tashkil etish koʻzda tutilgan.

 

Bundan tashqari, Markazda sportchilarning jismoniy va ruhiy holatini doimiy monitoring qiladigan tizim yoʻlga qoʻyilib, ularni musobaqalarga tez va sifatli tayyorlashga yordam koʻrsatiladi.

 

Maʼlumot uchun, “AVIC INTL” kompaniyasi 1979-yilda tashkil etilib, dunyodagi eng yirik 500 ta kompaniyalardan biri hisoblanadi. 65 ta davlatda 148 vakolatxonasi boʻlgan kompaniyaning bir yillik mablagʻ aylanmasi 25 mlrd AQSH dollarini tashkil etadi.

 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
17.07.2019 | 12:43
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169