Oʻzbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

qarori

 

Mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini ommalashtirish uchun shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish, mazkur sport turi boʻyicha yurtimizni xalqaro sport maydonlarida munosib ravishda tanitish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi tashkil etildi, Qashqadaryo va Fargʻona viloyatlarida Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va koʻpaytirish boʻyicha majmualar faoliyat koʻrsatmoqda.

 

Toshkent viloyatida Axaltaka zotli va sport otlarini yetishtirish va koʻpaytirish ot zavodini qurish, shuningdek, Toshkent shahrida “Markaziy ippodrom” aksiyadorlik jamiyatini Xalqaro ot sporti federatsiyasi talablarini inobatga olgan holda rekonstruksiya qilish loyihalari amalga oshirilmoqda.

 

Shu bilan birga, respublikada yilqichilik va ot sportining yanada rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan bir qator hal etilmagan masalalar mavjud. Jumladan, ot sporti klublari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning yaxlit tizimi mavjud emasligi oʻquv-mashgʻulot jarayonini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, iqtidorli chavandozlarni aniqlash va tanlab olish imkonini bermayapti.

 

Moddiy-texnik baza va ot sporti infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagan, ot sporti bilan shugʻullanish va ushbu sport turini ommalashtirish uchun sport bazalari va shart-sharoitlar yaratish boʻyicha zarur choralar koʻrilmayapti.

 

Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish, yoshlarni sport bilan shugʻullanishga faol jalb etish, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, shuningdek, ot sporti boʻyicha milliy va xalqaro musobaqalarda yuqori sport natijalariga erishishni taʼminlash maqsadida:

 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻzqurilishmateriallari” AJning:

 

2019-2020 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini (keyingi oʻrinlarda – bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari) bosqichma-bosqich tashkil etish;

 

Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi qoshida yuridik shaxs maqomiga ega Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va koʻpaytirish boʻyicha innovatsion seleksiya-genetika markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etish;

 

Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisining oʻrinbosari – Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va koʻpaytirish boʻyicha innovatsion seleksiya-genetika markazi direktori lavozimini joriy etish;

 

Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va koʻpaytirish boʻyicha “Qorabayir otchilik majmuasi” UKni “Shoʻrtangazkimyo majmuasi” MCHJ tasarrufidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tasarrufiga berish;

 

Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va koʻpaytirish boʻyicha “Qorabayir otchilik majmuasi” UK va “Vodiy tulporlari” MCHJ majmualarini, ular taʼminotini moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda va yillik xarajatlari koʻrsatkichlarini Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Federatsiya) bilan majburiy kelishish sharti bilan, Federatsiya tarkibiga kiritish haqidagi takliflari maʼqullansin.

 

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri hokimliklari va Federatsiya bilan birgalikda:

 

ikki hafta muddatda aniq yer uchastkalari va boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlari hududida bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini tashkil etish, shuningdek, tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini tashkil etish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlariga topshirish uchun ularning roʻyxatini shakllantirsin;

 

bir oy muddatda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini tashkil etish istagini bildirgan salohiyatli tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xorijiy investorlarni (keyingi oʻrinlarda – tashabbuskorlar) aniqlasin;

 

uch oy muddatda eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida yer uchastkalari va boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini tashabbuskorlarga tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun, shu jumladan, ularning bir qismida yoki alohida ajratilgan hududda bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini tashkil etish boʻyicha ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda taqdim etilishini taʼminlasin.

 

3. Belgilab qoʻyilsinki:

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari birinchi navbatda ippodromlar hududida tashkil etiladi;

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarining qurilishi Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi;

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarining moddiy-texnik bazasini dastlabki mustahkamlash, jumladan, texnika, anjomlar va boshqa zarur vositalar bilan taʼminlash tashabbuskorlar tomonidan amalga oshiriladi;

 

sport otlarini sotib olish boʻyicha xarajatlar, shuningdek, bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarining moddiy-texnik bazasini keyinchalik mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

 

mazkur qarorga muvofiq tashkil etilgan bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining balansiga oʻtkaziladi;

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarining joriy faoliyatini tashkil etish (ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, kommunal xizmatlar, sport otlariga ozuqa va dori-darmonlar sotib olish hamda boshqalar boʻyicha xarajatlar) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari va sport yakka kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktablarining ot sporti boʻlinmalari faoliyatini tashkiliy-metodik taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Federatsiya bilan birgalikda amalga oshiriladi.

 

4. Markaz huzurida laboratoriya tashkil etilsin va unga otlarning qon guruhini aniqlash va maʼlumotlar bazasini yaratish boʻyicha vazifalar yuklansin.

 

5. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻzqurilishmateriallari” AJning mazkur qarorga muvofiq Qashqadaryo viloyatida tashkil etilayotgan bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktabi hamda Fargʻona shahar sport yakka kurashlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabining ot sporti boʻlinmasi oʻquvchilari keyinchalik bepul foydalanishlari uchun “Qorabayir otchilik majmuasi” UK va “Vodiy tulporlari” MCHJning Qorabayir zotli otlarni yetishtirish va koʻpaytirish majmualariga sport otlarini tegishlicha “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda “Kvarts” AJning mablagʻlari hisobidan sotib olish tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.

 

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda ot sporti klublarini tashkil etish maqsadida tadbirkorlik subyektlariga bepul foydalanish uchun zarur binolar va inshootlarni taqdim etish choralarini koʻrsin, zarur hollarda mazkur bandni amalga oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

 

7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq yuridik shaxslarning soliq solinadigan daromadi Federatsiya faoliyatini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan xayriya yordami koʻrinishidagi mablagʻlar summasiga, biroq soliq solinadigan foydaning oʻn foizidan koʻp boʻlmagan miqdorga kamaytiriladi.

 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Federatsiya:

 

Markaz laboratoriyasini zamonaviy uskuna va malakali mutaxassislar bilan jamlanishini taʼminlasin;

 

mutaxassis-chavandozlar, Markaz laboratoriyasi mutaxassislari, kavaler-instruktorlar, shuningdek, manfaatdor idoralar xodimlarini xorijda oʻqitish va malakasini oshirishni tashkil etsin;

 

bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablarini malakali mutaxassislar, zarur oʻquv-metodik adabiyotlar bilan jamlash, shuningdek, oʻquv-mashq jarayonini lozim darajada tashkil etish uchun oʻquv binolarini jihozlashning zarur chora-tadbirlarini taʼminlasin;

 

ikki hafta muddatda 2019 yilda ot sporti boʻyicha hududlar va respublika birinchiligi musobaqalarini oʻtkazish, shuningdek, keyinchalik Sport va jismoniy-ommaviy tadbirlar kalendar rejasiga kiritish uchun mazkur sport turi boʻyicha xalqaro turnirlarda ishtirok etish rejasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

 

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga pullik xizmat koʻrsatish tartibini, jumladan, mazkur xizmatlar hajmini koʻrsatgan holda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

 

uch oy muddatda “Markaziy ippodrom” AJning qurilish-montaj ishlarini yakunlash, shuningdek, keyinchalik ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda faoliyat koʻrsatishi uchun moliyalashtirishning qoʻshimcha manbalarini jalb qilish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

 

9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Xalq taʼlimi vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Federatsiya bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni ippoterapiya uslubi yordamida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni qabul qilsin.

 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida ushbu qaror doirasida tashkil etiladigan bolalar-oʻsmirlar ot sporti maktablari taʼminoti hamda ularni moddiy-texnik jihozlash, shu jumladan, sport otlarini parvarishlash uchun zarur boʻlgan byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin.

 

11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi 2019-2020 yillarda Federatsiya koʻmagida ot sporti maktablari hamda klublarini tashkil etish va oʻz tasarrufida boʻlganlarini takomillashtirish choralarini koʻrsin, shuningdek, idoraviy mansub yilqichilik va sport bazalarini ularda yoshlarni ot sporti bilan shugʻullanishga jalb etish maqsadida barcha uchun ochiq boʻlgan seksiyalar hamda toʻgaraklarni tashkil etgan holda modernizatsiya qilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda oliy va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida kadrlar va mutaxassis-yilqichilar tayyorlash oʻquv rejalari hamda dasturlarini takomillashtirishni taʼminlasin, shuningdek, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda ularning malakasini oshirishni tashkil etish choralarini koʻrsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3057-son qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

 

Prezidenti                                                                            Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2019 yil 18 fevral

 

OʻzА

Saytning oxirgi yangilanishi:
19.04.2019 | 22:13
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169