“Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston milliy kubogi sohibi aniqlandi


Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 20-dekabrdagiYilning eng yaxshi sportchisiOʻzbekiston milliy kubogini taʼsis etish toʻgʻrisidagi 452-sonli qaroriga asosan har yili anʼanaviy tarzda eng yaxshi natija koʻrsatgan sportchi taqdirlanib kelmoqda. Yilning eng yaxshi sportchisini aniqlash mazkur qaror bilan tasdiqlangan respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
 

Bugun, 27-dekabr kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida maxsus komissiya 2018-yil yakunlariga koʻra mamlakatimizning eng yaxshi sportchisi sifatida kimni tan olish masalasini atroflicha muhokama qildi. Yigʻilishda sport federatsiyalar(uyushmalar)idan kelib tushgan takliflar koʻrib chiqilib, 2018-yil yakunlari boʻyicha milliy terma jamoa aʼzolarining kompleks musobaqalar va jahon chempionatlaridagi ishtiroki tahlil etildi.

 

Joriy yilda oʻtkazilgan jahon chempionatlari, Indoneziya mezbonlik qilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida hamda Argentina qabul qilgan oʻsmirlar oʻrtasidagi III Olimpiya oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan 28 nafar hamyurtimiz “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy kubogiga daʼvogar sifatida eʼtirof etilgani komissiya oldida murakkab vazifa turganidan dalolat deyish mumkin.

Nomzodlar orasida Osiyo oʻyinlarida chempion boʻlgan, koʻplab xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashgan nomdor sportchilarimiz borligi eʼtiborga loyiq. Jumladan, Bekzod Abdurahmonov, Moʻminjon Abdullayev, Diyorbek Oʻrozboyev, Isroil Madrimov, Svetlana Radzivil, Vadim Menkov, Denis Istomin kabi yulduzlar har qancha ehtiromga munosib ekani shubhasiz.

1-10-noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan Jahon chempionatida 102 kilogrammgacha vazn toifasida dast koʻtarishda jahon rekordini yangilab, oltin medal bilan taqdirlangan Akbar Joʻrayev mamlakatimizda yilning eng yaxshi sportchisi nomiga boshqalardan koʻra munosibroq ekani taʼkidlandi.

Oʻsha chempionatda 19 yoshli atletimiz ikkikurashda yoshlar oʻrtasida jahon rekordini yangilagani, amaldagi olimpiya oʻyinlari chempioni hamda yoshlar oʻrtasida jahon chempioni kabi kuchli raqiblarni ortda qoldirgani tahsinga loyiq. Shuningdek, Akbar Joʻrayev bahorda yoshlar oʻrtasida Osiyo chempioni unvoniga sazovor boʻldi, yozda yoshlar oʻrtasida jahon chempionati kumush medalini qoʻlga kiritdi. Dekabr oyida Dohada oʻtkazilgan Tokio-2020 olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish uchun reyting ochkolarini toʻplash imkonini beruvchi nufuzli xalqaro musobaqada uchta medal egasiga aylandi.

Toshkent viloyatilik ushbu yosh sportchiga mutaxassislar oʻzbek ogʻir atletikasining kelajagi sifatida qarashmoqda. Akbar 2018-yil mobaynidagi ajoyib natijalari bilan bunday taʼrif berilgani bejiz emasligini amalda isbotlay oldi.
 

Komissiya aʼzolari Akbar JoʻrayevniYilning eng yaxshi sportchisiOʻzbekiston Milliy kubogi, belgilangan namunadagi guvohnoma hamda 10 000 (oʻn ming) AQSH dollariga teng miqdoridagi pul mablagʻi bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi qarorni quvvatlab yakdillik bilan ovoz berishdi.

 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
23.01.2019 | 20:35
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169