Sport trenerlari Rossiya bilan hamkorlikda tayyorlanadi

Xabaringiz bor, bugun mamlakatimizda Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasining delegatsiyasi tashrifi doirasida birinchi “Rossiya-Oʻzbekiston taʼlim forumi” tashkil etilmoqda.

Forum doirasidagi belgilangan dasturlar asosida joriy yilning 19 oktyabr kuni poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev bilan Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti rektori Sergey Bakulev uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Dastlab Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev chet ellik mehmon bilan sport sohasi boʻyicha ikki davlat oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, qishki sport turlari, sport menejmenti, psixologiyasi boʻyicha trenerlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish sohasida oʻzaro tajriba almashish kabi masalalar muhokama qildi. Unga koʻra, bir qator muhim yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishildi. Xususan, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikda qoʻshma diplom beriladigan fakultet va yurtimizda P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universitetining filialini ochish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati, turli sport turlari boʻyicha yetakchi trenerlar hamda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetining professor oʻqituvchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Sergey Bakulev shunday dedi – “Yurtingizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan jismoniy tarbiya va sport rivojiga qaratilayotgan eʼtibor hozirda oʻz natijasini berib, oʻzbek sportchilari jahon arenalarida yuqori oʻrinlarni egallashmoqda. Bizning universitetda ham sportchi va trenerlar tayyorlash boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar va katta ilmiy tadqiqotlar mavjud boʻlib, siz bilan oʻzaro tajribani oʻrtoqlashishga, hamkorlik qilishga tayyormiz”.

Uchrashuv kunida Sergey Yevgenyevich Bakulevga Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Ilmiy Kengashi qarori asosida “Faxriy professor” unvoni berildi.

Kun davomi Rossiyalik mehmon poytaxtimizdagi bir qator sport inshootlari va taʼlim muassasalari faoliyati, yurtimizda sport bilan shugʻullanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.

Maʼlumot uchun: Sankt-Peterburg shahrida joylashgan P.F.Lesgaft nomidagi jismoniy tarbiya, sport va salomatlik milliy davlat universiteti nafaqat Rossiyada balkim jahonda oʻz yoʻnalishi boʻyicha yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. 1896 yilda asos solingan universitetda bugungi kunga qadar 1700 dan ortiq xizmat koʻrsatgan sport ustalari va xalqaro toifadagi sport ustalari tayyorlangan. Universitetning 300 dan ortiq talabalari Yevropa va jahon chempionatlarida gʻolib va sovrindor boʻlishgan. Universitetda 400 ga yaqin pedagog xodimlar faoliyat koʻrsatib, ularning 76 foizi ilmiy daraja va unvonlarga ega. Professor oʻqituvchilar orasidan olti nafari akademik va yetti nafari turli ilmiy akademiyalar muxbir aʼzosi, toʻrt nafari Rossiya Federatsiyasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, qirqdan ortigʻi fan doktori va professor, ikki yuzdan ortigʻi esa fan nomzodi va dotsent hisoblanadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati

Saytning oxirgi yangilanishi:
19.04.2019 | 22:13
Onlayn maslahatchi
Mening fikrim

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:
  • "Yagona telefon" raqami:
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy 2-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon:
  • Faks:
  • Mo'ljal: Oloy bozori
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169